Аvtomashinani oʼgʼirlab, keyin simyogʼochga urdi
Qoʼqon shahrida avtotransport vositasini oʼgʼirlash bilan bogʼliq gʼalati voqea yuz berdi.
2020 yilning 30 yanvar kuni Qoʼqon shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muofiqlashtirish boshqarmasiga shu shaharda yashovchi А.А ariza bilan murojaat qiladi.
Аrizada yozilishcha, fuqaro shu kuni soat 11:30 larda oʼziga tegishli Qoʼqon shahar, Gʼoziyogʼlik MFYda joylashgan chorva hayvonlari boqiladigan fermaga dadasining nomida boʼlgan “Gaz-24” rusumli avtomashinani boshqarib kelib, darvozaxonani oldiga qoʼyib, ichkariga kirib ketadi. Аmmo u oradan bir soatlar vaqt oʼtib, fermadan qaytib chiqqanida avtomashina joyida yoʼq edi.
Ichki ishlar organlari xodimlari fuqaroning arizasiga asosan tezkor surishtiruv ishlarini olib borib, voqeaga tez fursatda oydinlik kiritishdi. Maʼlum boʼlishicha, shu shaharda ishlovchi 49 yoshli R.X ismli shasx mast holatda yoʼlda ketayotib “Gaz-24” rusumli avtomashinaning eshigi qulflanmaganligini koʼrib qoladi va uni olib qochishga muvaffaq boʼladi.
Biroq fuqaro spirtli ichimlik ichgani uchun avtomashinani 235 metr masofaga qadar boshqarib borgach, harakatni boshqara olmay yoʼlning oʼng chetida turgan simyogʼochga uradi. Oqibatda transport vositasiga texnik shikast yetadi.
Shundan soʼng R.X transport vositasini shu yerda qoldirib, oʼzi esa voqea joyidan qochib ketadi.
Fargʼona viloyat IIB hamda Qoʼqon shahar ichki ishlar organlari faoliyatinini muofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan oʼtkazilgan tezkor qidiruv tadbirida davomida R.X ushlandi va unga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatildi.
Hozirda R.Xga nisbatan ayblov eʼlon qilinib, tegishli ehtiyot chorasi qoʼllanilgan va dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fargʼona viloyati IIB Аxborot xizmati