Ichki ishlar vazirligi faoliyatiga oid hisobotlar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining huquqbuzarliklarni oldini olish va ularning profilaktikasi boʻyicha 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar holati toʻgʻrisidagi
AXBOROTI

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va aholining muammolarini hal etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bu borada, 2024-yil davomida ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash maqsadida bir qator quyidagi kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

I. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi
PF-37-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 36 ta bandida Ichki ishlar vazirligi kiritilgan boʻlib, Vazirlik ularning 11 tasida asosiy ijrochi sifatida belgilangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son Farmon qismida 26-bandining “a” va “b” kichik bandlari boʻyicha IIV hamijrochi hamda 28-bandining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida belgilangan topshiriqlar boʻyicha asosiy ijrochi sifatida belgilangan.

Farmon bilan tasdiqlangan Davlat dasturi boʻyicha IIV 9 ta topshiriqlar boʻyicha asosiy ijrochi, 23 ta topshiriqlar boʻyicha hamijrochi sifatida belgilangan.

2024-yilda Farmon va Davlat dasturiga asosan IIV tomonidan 7 ta normativ huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqilib, tegishli instansiyalarga kiritilgan.

Ulardan 1 ta Qonun, 3 ta Prezident hujjatlari, 2 ta Vazirlar Mahkamasining qarorlari, 1 ta Qoʻshma qaror (memorandum).

II. Yirik ommaviy tadbirlarda jamoat tartibini saqlash va fuqarolarga davlat xizmatini koʻrsatish borasidagi tadbirlar

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari, Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga saylovi davomida 11 mingdan ziyod obyektlarda 15 mlndan ortiq fuqarolarning xavfsizligi taʼminlandi.

Mazkur tadbirlarga 29 807 nafar huquq-tartibot idoralari xodimlari jalb etildi. Ularga xizmatda foydalanish uchun 13 009 ta aloqa, 2 843 ta avtotransport vositalari, 14 069 ta metallodetektor hamda 272 bosh xizmat itlari biriktirildi.

Barcha ommaviy tadbirlarni oʻtkazish davomida tezkor vaziyatni nazorat qilish, jamoat tartibini saqlash va xizmatga jalb etilgan kuch-vositalarni markazlashgan tartibda boshqarish uchun Vazirlik markaziy apparatida tezkor shtab, joylarda esa ishchi guruhlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Tadbirlar davomida jamoat xavfsizligini taʼminlash maqsadida “Xavfsiz hudud”, “Chegara tozalash”, “Qurol” va pirotexnikaning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish boʻyicha manzilli tezkor-profilaktik tadbirlari oʻtkazildi.

III. Mahallalarda xavfsiz muhit yaratish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar

3.1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-noyabrdagi “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 801-son qarori asosida “mahalla yettiligi” tomonidan huquqbuzarlik sodir etishi yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori boʻlgan shaxslar bilan ishlash boʻyicha “ijtimoiy profilaktika” tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Mazkur tizim asosida xonadonlar, oilalar va profilaktik hisobdagi shaxslar oʻrganilib, huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori boʻlgan 587 606 nafar shaxslar aniqlanib, ular boʻyicha xulosalar tuzildi.

Mahalla raislariga 168 606 ta, hokim yordamchilariga 145 958 ta, xotin-qizlar faollariga 172 804 ta va yoshlar yetakchilariga 100 237 ta xulosalar berildi.

Tuzilgan xulosalar boʻyicha amalga oshirilgan ishlar natijasida 410 413 nafar shaxslarning muammolari ijobiy hal etildi.

Xususan:

mahalla raislari tomonidan 33 361 nafar shaxsning nizolariga barham berildi, 9 759 nafar shaxslar ishga joylashtirildi;

hokim yordamchilari tomonidan 7 264 nafar shaxsga subsidiya olishda yordam koʻrsatildi, 4 987 nafari hunarmandchilikka jalb qilindi, 6 510 nafari kasbga oʻqitildi, 17 297 nafari tadbirkorlikka jalb qilindi;

xotin-qizlar faollari tomonidan 19 476 nafar xotin-qizga tibbiy, 26 246 nafariga psixologik, 18 528 nafariga moddiy yordam koʻrsatildi;

yoshlar yetakchilari tomonidan 3 816 nafar yoshlarning kontrakt pullari va 2 723 nafariga harbiy xizmat toʻlovlari toʻlab berildi, 2 738 nafariga haydovchilik guvohnomasi, 4 003 nafariga bir martalik moddiy yordam va 6 636 nafariga dehqonchilik uchun yer olishda amaliy yordam koʻrsatildi.

3.2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan berilgan topshiriqlar asosida yoshlar oʻrtasida profilaktik tadbirlarni samarali tashkil etish, ularning muammolarini oʻrganish hamda bartaraf etish, ularning jamiyatda munosib oʻrin egallashiga koʻmaklashish maqsadida belgilangan 1 mln 17 ming nafar yoshlar ichki ishlar organlariga biriktirildi;

Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan qoʻshimcha 67 ming 358 nafar yoshlar ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari otaligʻiga olindi;

Besh va undan ortiq qoʻpol ravishda yoʻl harakati bilan bogʻliq huquqbuzarlik sodir etgan 58 075 nafar yoshlar - yoʻl harakati xavfsizligi, jazo oʻtayotgan 9 283 nafar mahkumlar - jazoni ijro etish boʻlinmalariga biriktirildi.

– amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirib borish maqsadida, respublika hamda hududiy ishchi guruhlar faoliyati yoʻlga qoʻyilib, belgilangan vazifalar ijrosini oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatildi.

Ishchi guruhlarga Ichki ishlar vazirligi va 14 ta hududiy ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi, probatsiya, tergov, jinoyat qidiruv, migratsiya, axborot va boshqa xizmatlar jalb etgan.

3.3. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan tadbirlar:

– hududlarda 4 mln 492 ming 423 nafar yoshlarni qamrab olgan holda ularni “Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash”ga qaratilgan 137 535 ta tadbir tashkil etildi;

42 415 ta maʼnaviy-maʼrifiy, 24 961 ta sport, 12 287 ta vatanparvarlik, 6 401 ta harbiy yoʻnalishda, 15 125 ta madaniy va 36 706 ta boshqa yoʻnalishdagi tadbirlar.

– mahallalarda 808 ta kichik kutubxona, kitob va maʼnaviyat burchaklari yaratildi va 2 ta Vatanparvarlik guzari tashkil etildi (Andijon va Xorazm);

– jazo oʻtayotgan 9 283 nafar mahkumlar (yoshlar) bilan jazoni oʻtash joylarida ularni Vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan 11 385 ta tadbir tashkil etildi;

1 972 ta maʼnaviy-maʼrifiy, 3 231 ta sport, 242 ta vatanparvarlik, 1 402 ta madaniy va 4 898 ta boshqa yoʻnalishdagi tadbirlar.

– Yoʻl harakati qoidalarini qoʻpol ravishda buzgan 58 115 nafar yosh haydovchilar bilan 11 581 ta tadbirlar tashkil etildi;

2 758 ta mast holda boshqargan haydovchilar bilan profilaktik tadbirlar, 1 460 ta YTX oldini olish boʻyicha mahallalarda muhokamalar, 636 ta ichuvchi va giyohvandlar, 902 ta IIO xodimlarining qonuniy talabiga boʻysunmagan bilan profilaktik, 1 678 ta tezlikni oshirish boʻyicha yuzaga kelayotgan holatlar yuzasidan tadbirlar tashkil etilib, 409 ta sayyor sudlar oʻtkazildi.

3 335 307 nafar yoshlar ishtirokida huquqiy savodxonlikni va qonunga itoatkorlik hissini oshirishga qaratilgan 109 847 ta tadbir oʻtkazildi;

34 323 ta huquqiy-targʻibot kunlari doirasida, 10 993 ta tanlov va musobaqalar, 3 892 ta sayyor sud muhokamalari, 13 637 ta koʻrgazmali targʻibot tadbirlari, 18 320 ta maxsus-huquqiy profilaktik va 28 682 ta boshqa yoʻnalishdagi tadbirlar.

3.4. Yoshlarni ijtimoiy va maishiy muammolarini hal etishga qaratilgan tadbirlar:

– “xonadonbay” oʻtkazilgan tadbirlar jarayonida anketa-soʻrovnomasi orqali 942 152 nafar yoshlar oʻrganilib, 88 466 nafari bilan esa onlayn suhbatlar oʻtkazildi (migratsiyadagi yoshlar);

– tadbirlar jarayonida xorijda migratsiyada boʻlgan jami 16 068 nafar, shulardan, Rossiya Federatsiyasidan 7 512 nafar yoshlar yashash joylariga qaytarish choralar koʻrildi;

– oʻtkazilgan yakka tartibdagi suhbatlarda 111 893 nafar yoshlarning turli ijtimoiy va maishiy muammolari aniqlanib, “mahalla yettiligi” hamda boshqa mutasaddi idora va tashkilotlar hamkorligida 71 482 nafarining muammosi hal etildi;

2 398 ta mehnat yarmarkalari tashkil etilib, 14 213 nafar yoshning bandligi taʼminlandi, 6 659 nafari kasb-hunarga oʻqitishga jalb etildi, 3 466 nafariga moddiy yordam koʻrsatildi,

2 308 nafariga subsidiya va 4 865 nafariga kreditlar ajratildi, shuningdek, 39 971 nafarining boshqa muammolari hal qilindi.

Shuningdek, mahallalarda voyaga yetmaganlar orasida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish choralari koʻrildi:

voyaga yetmaganlar orasida nazoratsizlikning oldini olish maqsadida jamoat joylarida qarovsiz qolgan 104 139 nafar bola aniqlanib, ularning 1 715 nafari ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazlariga, 34 nafari oʻquv-tarbiya muassasalariga joylashtirildi, ota-ona qaramogʻisiz qolgan 789 nafariga vasiy va homiylar tayinlandi;

– farzand tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi ota-onalarning 778 nafari ishga joylashtirildi, 6 828 nafariga fakultativ toʻgaraklarga jalb etildi;

talabalar orasida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish maqsadida, 212 ta oliy taʼlim muassasasida 179 nafardan ziyod profilaktika inspektorining (shundan 30 nafari xotin-qizlar masalalari boʻyicha) faoliyati yoʻlga qoʻyildi;

– oliygohlarda 180 ga yaqin “Qalqon” guruhlari tashkil etilib, ularga 2 456 nafar talaba jamoatchilik asosida jalb etildi;

– voyaga yetmaganlarning 5 920 nafari oʻqishga qaytarildi, 8 136 nafari sport, 1 416 nafari kichik biznes shoxobchalariga jalb etildi va 2 719 nafari “Barkamol avlod” markazlariga joylashtirildi;

25 331 nafar voyaga yetmaganlar mahallada muhokama qilingan, 267 nafari majburiy davolanishga yuborilgan hamda 14 648 nafari profilaktik hisobdan chiqarildi.

3.5. Xotin-qizlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda oilalarda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi:

– ijtimoiy koʻmakka muhtoj ayollarning 7 126 nafari ishga joylashtirildi, 1 481 nafariga tibbiy yordam koʻrsatilib, 7 485 nafariga moddiy va ijtimoiy yordam koʻrsatildi;

– tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan 54 757 nafar xotin-qizlarga “himoya orderi” berilishi natijasida 22 527 ta oilalar yarashtirilib, 28 193 ta nizolar bartaraf etildi;

– ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan, shu jumladan oilaviy muammolar va turmushida zoʻravonlik ishlatilishiga duch kelgan 625 nafar xotin-qizlar Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga joylashtirildi;

– ijtimoiy muammolari hal etilishi natijasida sogʻlom turmush tarziga oʻtgan 32 559 nafar, shu jumladan 658 nafar voyaga yetmagan qizlar, 5 175 nafar yosh xotin-qizlar, 542 nafar ilgari sudlangan ayollar ichki ishlar organlari hisobidan chiqarildi;

– ogʻir vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga tezkorlik bilan zaruriy yordam koʻrsatish uchun tizimda qisqa “1259” va “1286” raqamli “Ishonch markazi” tashkil etilib, markazga qoʻngʻiroq qilgan 6 027 nafar ayollarga psixologik va huquqiy yordam koʻrsatildi.

IV. Jinoyatchilikka qarshi kurashish va kriminogen vaziyatning oʻziga xos xususiyatlari

2024-yilning 12 oyi mobaynida respublika hududida jinoyatchilikni jilovlash, sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish va kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

4.1. Tezkor-qidiruv faoliyatini jadallashtirish yoʻnalishida:

2024-yilda xodimlarning tashabbusi bilan 27 953 ta jinoyat aniqlangan boʻlib, mazkur amaliyot 23,4 foizga (2023-yil 12 oyida – 22 661 ta) yaxshilangan. Xususan:

558 ta “hujra”, 229 ta noqonuniy nomozxona, 157 ta noqonuniy diniy jamoat hamda 973 ta internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali yot gʻoyalarni tarqatish holatlariga barham berilgan va noqonuniy muomaladan 2 tn 138 kgdan ziyod giyohvandlik vositalari va psixotrop dori-vositalari olingan;

– qoidaga zid ravishda saqlangan 6 851 dona oʻqotar ov quroli, 486 dona pnevmatik qurol va jamoat joylarida olib yurilgan 1 348 dona sovuq qurol olib qoʻyilgan.

Shuningdek, respublikada sodir etilgan jami jinoyatlarning 67 936 tasi yoki 92,4 foizi fosh etildi, tergov organlaridan yashiringan 8 736 nafar shaxslar ushlandi, 561 nafar bedarak yoʻqolganlar topilib, 6 ta shaxsi nomaʼlum murdalarning shaxsi aniqlandi;

3 880 nafar shaxslar tomonidan sodir etilgan 3 293 ta korrupsiya va iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar aniqlanib, ular oqibatida yetkazilgan 239 mlrd 584 mln soʻm miqdoridagi zarar undirilishi taʼminlandi;

117 ta chegara qoidalarini buzish hamda 219 nafar odam savdosi jinoyatini sodir etgan shaxslarga nisbatan qonuniy choralar koʻrilishi taʼminlandi.

4.2. Kriminogen vaziyatning oʻziga xos xususiyatlari va jinoyatchilik holati:

2024-yilda respublikada har 100 ming aholiga 199 ta jinoyat toʻgʻri kelib, Toshkent shahri (481 ta), Toshkent (296 ta), Fargʻona (243 ta), Sirdaryo (224 ta) va Navoiy (214 ta) viloyatlarida salmogʻi yuqoriligi qayd etilgan.

100 ming aholiga Rossiyada – 1 307, Armanistonda – 1 237, Belarusda – 798, Moldaviyada – 692, Qozogʻistonda – 541 ta jinoyat toʻgʻri keladi.

Jami mahallalarning 30,6 foizida (2 894 ta) jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmagan, oʻz navbatida jinoyatlar qayd etilgan mahallalarning 1 350 tasi (14,3 %) “qizil” toifaga kirgan.

Respublikada jami 45 545 ta oldini olish lozim boʻlgan jinoyatlar sodir etilgan boʻlib, jinoyatlarning asosiy salmogʻi yoki 41,3 foizini oʻgʻrilik (10 607 ta) va firibgarlik (8 216 ta) tashkil etgan.

Oʻgʻriliklarning 20 foizi xonadonlarda, 9 foizi savdo shohobchalarida, 7,8 foizi avtotransport vositalaridan sodir etilgan, 18,8 foizini telefon, 7,3 foizini velosiped, 8,9 foizini hayvon oʻgʻriliklari 4,6 foizini kissavurlik tashkil etadi.

Firibgarliklarning 8,1 foizi oʻqishga va ishga kiritish, 11,6 foizi avtomashina, 8,8 foizi uy-joy, 5,9 foizi kredit, 4,8 foizi chorva mol olib berish, 3,8 foizi chet elga ishga yuborish bilan bogʻliq holda sodir etilgan.

Oʻgʻrilik jinoyatlarini asosan 30 yoshgacha muayyan kasbga ega boʻlmagan 3 651 nafar (34,4 %) shaxslar sodir etgan hamda firibgarlik jinoyatiga esa asosan 2 652 nafar (32,2 %) yoshlar jinoyatga qoʻl urgan.

Oldi olinishi lozim boʻlgan jinoyatlarning 2 304 tasini oʻzaro nizolar va kelishmovchilik sababli sodir etilgan qotillik va tan jarohati yetkazishlar tashkil etgan.

Mazkur jinoyatlarning 1 690 tasi oilalarda, 104 tasi jamoat joylarida, 476 tasi ijtimoiy obyektlar hududida sodir etilgan.

Band boʻlmaslik yoki daromad topmaslik oqibatida 72,5 foiz (7 302 ta) jinoyatlar sodir etilib, asosan Toshkent shahri (3 027 ta), Toshkent (1 180 ta), Surxondaryo (611 ta) va Andijon (480 ta) viloyatlari hissasiga toʻgʻri kelgan.

4.3. Kiberxavfsizlik yoʻnalishida 58 800 ta jinoyatlar sodir etilgan boʻlib, ularning 97,7 foizi (57 480 ta) fuqarolarning bank plastik kartalaridagi pullarni qoʻlga kiritish bilan bogʻliqdir.

Elektron toʻlov tizimlari orqali sodir etilgan jinoyatlarning 28,3 foizi (16 269 tasi) soxta havolalar yuborish orqali tasdiqlovchi kodni qoʻlga kiritib, karta boshqaruvini egallash yoʻli bilan, 8,7 foizi (5 123 tasi) onlayn savdo platformalarida turli aldovlar bilan tovarlar uchun toʻlovni oldindan amalga oshirishga erishish orqali, 5,5 foizi (3 191 tasi) telefon qoʻngʻiroqlari orqali bank karta boshqaruvini tasdiqlovchi kodni qoʻlga kiritish yoʻli bilan sodir etilgan.

Shuningdek, 3,2 foizi (1857 tasi) shaxslarni soxta kripto-birjalarga qiziqtirish va pul oʻtkazishga erishish orqali, 8,1 foizi (4699 tasi) soxta tredinglik faoliyatiga qiziqtirish va ularga pul jalb qildirish shaklida, 2,4 foizi (1430 tasi) boshqalar tomonidan shaxs nomiga onlayn kredit rasmiylashtirish orqali 2,8 foizi (1604 tasi) bank zaifligi, meros va xayriya sifatida pul oʻtkazdirish orqali sodir etilgan.

Internet tarmogʻida noqonuniy ravishda onlayn qimor va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni oʻtkazib, fuqarolarning pul mablagʻlarini jalb etib kelayotgan 757 ta internet resurslari aniqlanib, bloklandi hamda ularni sodir etgan 113 nafar shaxslar maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortildi.

Aholini kibertahdidlardan ogohlantirish boʻyicha “Cyber-Week” va “Cyber 10 day” nomlari ostida jami 83 800 ta kompleks targʻibot-tashviqot tadbirlari oʻtkazilib, 31 mln 700 ming aholi qamrab olindi.

Mahallalarda 24 135 ta, maktablarda 2 654 ta, oliy taʼlim muassasalarida 14 117 ta hamda savdo komplekslarida 20 108 ta targʻibot tadbirlari oʻtkazilgan.

Qamrab olingan aholining 13 mln 200 ming nafari hududlarda olib borilgan targʻibot-tashviqot tadbirlari davomida, 18 mln 500 ming nafari esa ijtimoiy tarmoqlardagi targʻibot kanallari orqali tegishli maʼlumotlar bilan tanishdi.

Kiberjinoyatlardan himoyalanish usullarini tushuntiruvchi 3 491 ta videokontent, 1 mln 430 ta tarqatma material va 2 501 ta bannerlar tayyorlandi, ommaviy axborot vositalarida 27 400 marotaba chiqishlar qilindi.

Ichki ishlar vazirligining (“Youtube”, “Telegram”, “Instagram”) ijtimoiy tarmoqlardagi “cyber 102 | IIV Kiberxavfsizlik markazi” targʻibot kanallari orqali 400 mingdan ortiq obunachiga 18 800 ta tashviqot materiallari havola etildi.

V. Yoʻl-transport hodisalarining oldini olish tadbirlari

5.1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan berilgan topshiriqlar asosida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida islohotlarning yangi bosqichi boshlandi.

Bu borada, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi (AF-9-son) farmoyishi asosida Respublika ishchi guruhi tashkil etilib, sohadagi tizimli kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida kiritilgan loyihalar asosida 4 ta qonun, Prezidentning 6 ta qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 21 ta qarori qabul qilindi.

Mazkur normativ-huquqiy hujjatlar talablari asosida avtomobil yoʻllarida inson xavfsizligini taʼminlash, harakatni tashkil etish va boshqarish sohasidagi faoliyat samaradorligini oshirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri rahbarligida Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash respublika maxsus komissiyasi, hokimlar rahbarligida esa hududiy maxsus komissiyalar tuzilib, ularning tarkibi va nizomi tasdiqlandi.

Yoʻl infratuzilmasini takomillashtirish va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish boʻyicha 2022-2026-yillarga moʻljallangan “Xavfsiz va ravon yoʻl” umummilliy dasturi tasdiqlandi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-iyuldagi PQ-316-son
“2022–2026-yillarda amalga oshirilishi moʻljallangan “Xavfsiz va ravon yoʻl” umummilliy dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.

Ekspluatatsiya-montaj boʻlinmalari tomonidan 2024-yilda 47 103 ta yoʻl belgilari oʻrnatildi, 46 708 ta eskirgan yoʻl belgilari almashtirildi, 11,3 mln m2 hajmda yoʻl yotiq chiziqlari chizildi, 664 ta svetofor qurilmalari oʻrnatildi, 1,2 mingta joyda piyodalar oʻtish joylari tashkil etildi.

Shuningdek, 2 571 ta maktabda yoʻl harakati qoidalarini oʻrgatish sinfxonalari jihozlandi hamda 1 892 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlarida yoʻl harakati qoidalarini oʻrgatish maydonchalari tashkil etildi.

Bundan tashqari, poytaxt koʻchalarida aholi uchun qulay va xavfsiz sharoitlarni yaratish maqsadida, 12 ta piyodalar tomonidan boshqariladigan svetoforlar ishga tushirildi, 341 ta piyodalar oʻtish joylarida yoʻl belgilari yangilandi, 340 296 m2 yoʻl yotiq chiziqlari chizildi.

Yoʻl harakatini toʻgʻri tashkil etish maqsadida 5 ta davlat standartlari taftishdan oʻtkazilib, qayta ishlab chiqildi.

2024-yilda taʼmirlanayotgan avtomobil yoʻllarida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Avtomobil yoʻllari qoʻmitasiga 3 313 ta va mahalliy hokimliklarga 1 552 ta taqdimnoma kiritildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yildagi PQ-318-sonli qaroriga asosan, IIV huzuridagi “Xavfsiz shahar” markazi tomonidan avtobuslar uchun tashkil etilgan alohida yoʻlaklarda jami 59 ta yoʻl harakati qoidabuzarliklarini aniqlovchi foto-video qayd etish qurilmalari oʻrnatildi.

Toshkent shahri boʻyicha jamoat transporti ustuvorligini va toʻsiqsiz harakatlanishini taʼminlash maqsadida 181,2 km uzunlikdagi 18 ta alohida avtobus yoʻlaklari tashkil qilindi.

Avtobus yoʻlaklarida yengil avtomobillar tomonidan sodir etilgan toʻxtash va toʻxtab turish qoidabuzarliklarini avtomatik aniqlash imkoniyati yaratilib, 261 mingta qoidabuzarliklar aniqlandi.

Mazkur qoidabuzarliklarni aniqlashning huquqiy asosini yaratish maqsadida 2024-yilning oktyabr oyida amaldagi yoʻl harakati qoidalariga oʻzgartirishlar kiritilib, “Yoʻnalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yoʻl orqali harakatlanish” tushunchasi kiritildi.

5.2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-apreldagi “Taʼlim muassasalarida yoʻl harakati qoidalari targʻibotini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 212-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom asosida respublika boʻyicha maktablarda 4 723 ta “Yoʻl harakati qoidalari yosh targʻibotchisi” klublari tashkil etilib, faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Shuningdek, 212-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom asosida har yili toʻrt bosqichdan iborat “Yashil chiroq” musobaqalari oʻtkazilib kelinmoqda.

“Yashil chiroq” musobaqasining respublika bosqichi j.y. 27-30-avgust kunlari Boʻstonliq tumanida joylashgan “Semurgʻ” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida oʻtkazildi.

Musobaqada Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan jami 84 nafar oʻquvchi 13 ta shartlar boʻyicha bellashdi.

Respublika hududida yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi transport vositalari, avtostansiya va avtoturargohlar hamda ularda yaratilgan shart-sharoitlar hududiy Transport va Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalari tomonidan doimiy ravishda oʻrganilib kelinmoqda.

Xususan, bugungi kunda respublika boʻyicha jami 13 ta avtovokzal va 157 ta avtostansiyalar faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

Amaldagi normativ hujjatlarga asosan yoʻlovchilarning aynan bir vaqtdagi sigʻimi 100 nafardan 500 nafargacha boʻlsa — avtovokzal, 25 nafardan 100 nafargacha boʻlsa — avtostansiya maqomi beriladi.

Respublika hududida shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlarda yoʻlovchi tashuvchi avtobuslarni nazorat qilish boʻyicha maxsus reyd tadbirlari oʻtkazildi.

Tadbirlar davomida yoʻlovchi tashishga jalb qilingan 14 832 ta avtobus haydovchilari tekshirilib, ular tomonidan sodir etilgan 6 610 ta qoidabuzarliklar aniqlandi.

Jumladan, avtobusni mast holda boshqarish bilan bogʻliq 61 ta holat, texnik nosoz avtobusni boshqarish bilan bogʻliq 306 ta holat, tegishli hujjatlarsiz boshqarish bilan bogʻliq 504 ta holat aniqlangan.

5.3. 2024-yil davomida respublikada 9 364 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilib, ularning 19,9 foizi (1 869 ta) inson oʻlimi bilan yakunlangan.

2023-yilda jami 9 712 ta, shundan 1 945 ta (20 %) oʻlim bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan edi.

– yoʻl-transport hodisalarining 18,5 foizi xalqaro ahamiyatga ega yoʻllarda, 36,2 foizi davlat ahamiyatga ega yoʻllarda, 20,2 foizi mahalliy ahamiyatga ega yoʻllarda, 20,1 foizi ichki yoʻllarda sodir etilgan;

– avtoavariyalarning 47,1 foizi haydovchilar tomonidan piyodaga yoʻl bermaslik hamda 22,8 foizi belgilangan tezlikka, 3,7 foizi uxlab qolishi va 3,6 foizi svetoforga amal qilmaslik oqibatida sodir boʻlgan.

2024-yilda avtoavariya oqibatida 2 203 nafar (2023-yil 12 oyida – 2 282) inson vafot etgan, 8 901 nafari (9 214 nafar) jarohatlangan.

Oʻzbekiston Respublikasi
Ichki ishlar vazirligi

Text to speech