IIB tarixi
Fargʻona viloyati IIB (militsiya) tarixi
Oʻrta Osiyo xalqlari tarixida aholi orasida tartib-intizomni saqlab, jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi “Mirshablar” va “Mirshabboshilar” faoliyati Amir Temur davridan boshlanib, bu tuzilma Oʻrta Osiyo Chor Rossiyasi tomonidan bosib olingunga qadar faoliyat koʻrsatdi. 1917-yilga qadar xalq orasida tartib-intizom aynan mirshablar tomonidan nazorat qilingan.
Fargʻonada ichki ishlar organlari faoliyatining tashkil topishi bevosita Chor Rossiyasi davri bilan bogʻliq. Manbaalarda keltirilishicha, 1917-yildagi fevral toʻntarishidan soʻng hukumat ilgari xalq orasida tinchlik va osoyishtalikni nazorat qilgan politsiya va jandarmeriya xizmatidan voz kechadi va uning vazifasini vaqtincha xalq militsiyasi bajara boshlaydi. Joylarda esa oʻlka va uezdlar ishchi-dehqon koʻngilli militsiyasi tashkil etiladi.
Sovet hokimiyati oʻrnatilgach, 1917-yil 10-noyabrda ichki ishlar boʻyicha xalq komissariyati (NKVD) ning “Ishchilar militsiyasi” toʻgʻrisidagi qarori qabul qilanadi va bu organning faoliyati qonuniy kuchga kiradi.
Oʻsha davrlarda Toshpoʻlat Oʻrazboyev Fargʻona viloyat “Ichki-dehqon militsiyasi” boshligʻi vazifasida (1925 y), Moʻminjon Shokirov Qoʻqon uezdi militsiyasining boshligʻi vazifalarida (1919 y) ishlab, viloyat militsiyasining dastlabki rahbarlari sifatida tarixda qoldilar.
1931-yilgacha “Ishchilar militsiyasi” mahalliy hokimiyat organi tizimida faoliyat koʻrsatadi. Soʻng mahalliy xalq komissariyatlari va 1946-yilda esa sobiq sovet davlatining Ichki ishlar vazirligi tizimiga markazlashtiriladi. 1956-yildan 10-noyabr “Sovet militsiyasi kuni” sifatida nishonlanib kelingan.
Markazlashtirilgan ichki ishlar tizimi 1991-yilning 19-avgustiga qadar faoliyat koʻrsatdi. Oʻzbekiston Rspublikasi Prezidentining 1991-yil 25-avgustdagi Farmoniga asosan Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining qonuniy tasarrufiga oʻtkazildi.
Har qanday davrda va holatda ham militsiya mamlakatda tartib-intizomni saqlaydigan eng ishonchli tuzilma edi. Bunga tarixdagi koʻplab tahlikali voqyelar guvohlik beradi.
Masalan, 1989-yil 16-18-may kunlari Quvasoy shahrida oʻzbek va turk millatiga mansub yoshlar orasida boshlangan nizo 23-mayga kelib katta toʻpolonga aylanib ketdi. 3-iyun kuni shu kabi voqealar Toshloq tumanida, 4-iyunda esa Fargʻona va Margʻilon shaharlarida ham roʻy berdi.
Shu kunlari Fargʻona viloyatida komendantlik soati joriy etildi. 5-iyunga kelib militsiya va ichki qoʻshinlarning sa’y-harakati bilan tartibsizlik toʻxtatildi. Biroq viloyatning boshqa hududlarida, ayniqsa, Qoʻqonda tartibsizlik 18-iyunga qadar davom etdi.
Ushbu tartibsizliklarda 1000 dan ziyod odam jabr koʻrdi. Ulardan 110 nafari militsiya, 137 nafari ichki qoʻshinlar xodimi edi. E’tiborlisi shundaki, mazkur tartibsizliklarni toʻxtatishda Fargʻona militsiyasi katta jonbozlik koʻrsatdi.