11 Noyabr 2019 yil 5962

Kadrlar tayyorlash bo’yicha zamonaviy va innovatsion yondashuvlarga yo’l ochildi

Joriy yilning 11—15 oktyabr kunlari Pekin shahrida Xitoy Xalq Respublikasi Jamoat xavfsizligi vazirligi universitetining 70 yillik yubileyi munosabati bilan X Xalqaro politsiya forumi bo’lib o’tdi. Mazkur anjumanda dunyoning o’ttizdan ziyod davlatlari ta’lim muassasalari vakillari, jumladan, O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

Forumni mazkur universitet prezidenti Tsao Shitsyuan kirish so’zi bilan ochdi va dunyoda ro’y berayotgan global o’zgarishlar davrida zamonaviy tahdidlarga qarshi kadrlar tayyorlash salohiyatini oshirish hamda bu borada o’zaro hamkorlik va tajriba almashishni yo’lga qo’yish zarurligiga e’tibor qaratdi. Shundan so’ng anjumanga taklif etilgan mehmonlarning ma’ruzalari tinglandi. 

O’zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi boshlig’i, general-leytenant Bahodir Matlyubov so’zga chiqar ekan, XXR Jamoat xavfsizligi vazirligi universitetining 70 yilligi bilan ta’lim muassasasi jamoasi va mehmonlarni samimiy qutladi.

– Xalqlarimiz o’rtasidagi yaqin aloqalar Buyuk ipak yo’li davridayoq bosh­langan, – dedi B. Matlyubov. – Bugun O’zbekiston va Xitoy munosabatlari o’zaro ishonch hamda mustahkam do’stlik rishtalari asosida jadal rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, «Bir makon, bir yo’l» loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ta’lim sohasida ham o’zining ijobiy samarasini ko’rsatmoqda. Bundan bir yil avval XXR JXV universiteti hamda Akademiyamiz o’rtasida Memorandum imzolanib, ta’lim sohasida aloqalarni yanada kengaytirish, mutaxassislarni o’qitish, o’zaro talabalar almashinuvi, ilmiy va texnik hamkorlik borasida kelishib olingan edi.

Ushbu hamkorlik doirasida Akademiyamizning bir guruh professor-o’qituvchilari va kursantlari 2018 yilning aprel-may oylarida mazkur universitetda malaka oshirib qaytishdi. Shu yilning iyul-avgust oylarida esa xitoylik hamkasblarimiz va talabalar uchun ta’lim muassasamizda bir oylik o’quv kurslari tashkil etildi. Mashg’ulotlar davomida universitet vakillari O’zbekistonning milliy kadrlar tayyorlash tizimi, zamonaviy taraqqiyoti, shuningdek, tarixi, urf-odat va an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo’ldilar.

Tadbir doirasida forum ishtirokchilari uchun mamlakatimiz Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida kadrlar tayyorlash tizimi haqida ma’lumot berildi va maxsus videofilm namoyish etildi. Shuningdek, anjumanda XXR JXV kadrlar bosh­qarmasi boshlig’i o’rinbosari, ta’lim muassasalari kuratori Chen Yanchao, Daniya politsiya universiteti umumiy inson resurslari departamenti direktori Peter-Kresten Ekeberg va boshqa yigirmaga yaqin davlatlarning vakillari ma’ruza qildi. Ma’ruzalarda ta’lim sohasida hamkorlikni kengaytirish, ilg’or tajribalarni ommalashtirish, mutaxassis kadrlar tayyorlash jarayonida innovatsion texnologiyalardan keng foydalanish, ta’limning zamonaviy shakl va usullarini huquqni muhofaza qiluvchi organlarning amaliy faoliyati bilan moslashtirish, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo’yicha dolzarb masalalar xususida to’xtalib o’tildi.

Shu kuni ta’lim muassasalari rahbarlari yana bir yangi loyiha – Politsiya ta’limi sohasida yangi xalqaro hamkorlik forumi tashkil etish masalasini muhokama qildilar. Ushbu forumni tashkil etishdan maqsad ta’lim va fan sohasida o’zaro hamkorlik qilish, jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida yuqori malakali politsiya kadrlarini tayyorlash, bu borada professor-o’qituvchilar va ta’lim oluvchilarning malakasini oshirish hamda ilg’or pedagogik texnologiyalar bo’yicha tajriba almashishni yo’lga qo’yishdan iborat. Anjumanda yig’ilganlarga yangi loyihaning maqsad va vazifalari haqida batafsil ma’lumot berildi hamda forum nizomining loyihasi muhokama qilindi.

Mutaxassislarning fikricha, Politsiya ta’limi sohasida xalqaro hamkorlik forumi bugungi integratsiya jarayonida muhim ahamiyatga ega. Chunonchi, u politsiya ta’limi sohasida xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalaridan kelib chiqib, «O’zaro tenglik, hamkorlik, yordam ko’rsatish va foyda» tamoyili asosida ilg’or tajribalarni almashish, ilmiy tadqiqot natijalarini ommalashtirish, bu borada hamkorlikni yanada rivojlantirish, ishtirokchi davlatlar o’rtasida o’zaro hurmat va do’stlikni mustahkamlash, ta’lim sohasida aloqalarni kengaytirish hamda boshqa bir qator muhim maqsadlarni ko’zda tutadi. Politsiya ta’limi sohasida xalqaro hamkorlik forumi nizomiga muvofiq, yig’ilishlarda maslahat yo’li bilan Forum Prezidenti, Prezident o’rinbosarlari, Ijrochi kengash va Forum kuzatuvchilari saylanadi.

Anjuman doirasida IIV Akademiyasi boshlig’i, general-leytenant Bahodir Matlyubov XXR JXV universiteti prezidenti Tsao Shitsyuan bilan uchrashdi. Tomonlar ikki davlat ta’lim muassasalari o’rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari haqida muloqot qildilar. Xususan, xitoylik mutaxassislar tomonidan IIV Akademiyasida barpo etilayotgan Innovatsion ta’lim fondi loyihasi haqida o’zaro fikr almashildi. Aytish kerakki, mazkur loyiha O’zbekiston Respublikasi hamda Xitoy Xalq Respublikasi hukumatlari o’rtasidagi kelishuv asosida amalga oshirilmoqda. Innovatsion ta’lim fondining vazifasi Akademiya tinglovchi va kursantlariga tegishli mutaxassisliklar bo’yicha chuqur amaliy ta’lim berish va ularda kasbga oid, kelajakda o’z xizmat vazifalarini muvaffaqiyatli bajarishga imkon beradigan malaka va ko’nikmani hosil qilishdan iborat. Loyihaga ko’ra Akademiyada Situatsion poligon hamda Modulyatsiya va simulyatsiya markazini o’z ichiga oladigan inshoot quriladi.

– Mazkur majmuada kursantlarning integral, maxsus-taktik tayyorgarligi jarayonida jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash sohasida tayyorgarlik ko’rish samaradorligini oshirishga, ularda turli ekstremal vaziyatlarni samarali monitoring qilish, tegishli ob’ektlarda g’ayriqonuniy harakatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tadbirlarini amalga oshirish davomida maqbul tezkor-xizmat, boshqaruv qarorlari qabul qilish ko’nikmalarini shakllantirishga yordam beradi. Muhimi, majmua barpo etilgandan so’ng bu erda o’quv mashg’ulotlarini amaliyotga yaqinlashtirilgan sharoitlarda o’tkazish imkoni yaratiladi. Bu ham bo’lajak soha xodimlarining kasbiy ko’nikma va tayyorgarligini oshirishga xizmat qiladi, – dedi Tsao Shitsyuan.

Ta’kidlash joizki, anjuman doirasida IIV Akademiyasi hamda Malayziya, Frantsiya, Qatar, Iordaniya va Armanis­ton delegatsiyalari o’rtasida ham qator uchrashuvlar bo’lib o’tdi. Ushbu davlatlar vakillari mamlakatimiz ta’lim tizimida ro’y berayotgan ulkan yangilanishlar, xususan, huquqni muhofaza qilish organlari uchun kadrlar tayyorlash tizimiga katta qiziqish bildirdilar.

Bir so’z bilan aytganda, uch kun davom etgan xalqaro forum doirasida o’tkazilgan uchrashuvlar, muhokama markazida bo’lgan mavzular va o’rtaga tashlangan fikr-mulohazalar huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga yo’l ochdi. Anjuman doirasida e’tiborga molik yana bir tashabbus ilgari surildi. Ya’ni kelgusi yildan boshlab Xalqaro politsiya ta’limi forumini davlatlararo miqyosda o’tkazishga kelishib olindi va anjuman yakunida yigirmadan ziyod mamlakatlar ta’lim muassasalarining a’zolikka qabul qilish to’g’risidagi arizalari qabul qilindi.

Jamshid XOLOV,
leytenant.

Text to speech