Аka kelishib olaylik!...
Fargʼona viloyati. Joriy yilning 3 fevral kuni Fargʼona shahridagi Аl-Fargʼoniy koʼchasida xizmat olib borayotgan viloyat IIB yoʼl harakati xavfsizligi boshqarmasi inspektori shubhali harakatlangan “Damas” rusumli avtomashinani toʼxtatib, belgilangan tartibda oʼzini tanishtiradi va haydovchidan hujjatlarni taqdim qilishini soʼrab, shubhasi oʼrinli ekanligiga amin boʼladi. Chunki avtomashina boshqa fuqaroning nomida boʼlib, haydovchining birorta hujjati, hattoki, haydovchilik guvohnomasi ham boʼlmaydi.
Shundan soʼng, xodim qonuniy tarzda haydovchiga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashinani jarima maydoniga joylashtiradi. Аmmo haydovchi YPX inspektoriga bir million soʼm miqdorda pullarni pora tariqasida taklif qilib, oʼziga nisbatan qonuniy chora koʼrmaslik hamda avtomashinasini jarima maydonidan chiqarib berishni soʼraydi.
YPX xodimi esa qasamyodiga sodiq qolib, haydovchining noqonuniy xatti-harakati ustidan rahbariyatga yozgan bildirgisiga asosan oʼtkazilgan tezkor tadbir jarayonida, qoidabuzar haydovchi pul mablagʼini xodimga pora tariqasida berayotgan vaqtda ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Endi u nafaqat avtomashinani hujjatsiz boshqargani uchun maʼmuriy tartibda, balki ichki ishlar organi xodimiga pora berishga uringani uchun ham jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Fargʼona viloyati IIB Аxborot xizmati