Probatsiya xizmati xodimlari o‘rtasida xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi
General-mayor Azizbek Ikramov boshchiligida 2023 yilning 10 oyi davomida Farg‘ona viloyat Ichki ishlar organlari Probatsiya xizmati xodimlari o‘rtasida xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash borasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda ayrim shahar-tumanlarda probatsiya xizmati rahbarlari tomonidan qo‘l ostidagi xodimlarning xizmat faoliyati ustidan yetarlicha idoraviy nazorat o‘rnatilmaganligi, ijro intizomiga rioya etilishi bo‘yicha manzilli ishlar tashkil etilmaganligi tanqidiy tahlil qilindi.
Bunday kamchiliklarning sababi sifatida rahbarlar tomonidan “xodimbay” usulida ish olib borilmaganligi ko‘rsatib o‘tildi. Ayrim soha mutasaddilari o‘zlarining qo‘l ostidagi xodimlarning yashash sharoiti, oilaviy muammolari, moddiy ehtiyojini doimiy o‘rganib, mavjud muammolarini hal etish choralarini ko‘rmaganligi qayd etildi.
Shuningdek, yig‘ilishda probatsiya xizmati xodimlari o‘rtasida xizmat intizomini yanada mustahkamlash, qonunchilikka amal qilinishini ta’minlash hamda har bir xodimni kasbga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida bir qator aniq takliflar ham o‘rtaga tashlandi.
Barcha shaxsiy tarkib "Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi“ talablariga qat’iy va so‘zsiz rioya etishi kerakligi yana bir bor ta’kidlandi.
Xizmat sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Farg‘ona viloyati IIB Axborot xizmati.