9 May 2022 yil 6319

Xotira va qadrlash kunida bayrami munosabati bilan viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qo'yish marosimida ishtirok etdi

Xotira – o'zlikni anglatadi, qadr esa insonni ulug'laydi, jamiyatni bezaydi. Xotira va qadrlash kuni bayramining mazmun-mohiyatida ham ana shunday ezgu tamoyillar mujassam.

Kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, mehr-oqibat tuyg'ulari xalqimiz qalbi va shuuridan chuqur joy olgan. Ajdodlar xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, bugun safimizda yurgan, elu yurt tinchligi va ravnaqi yo'lida xizmat qilgan keksalarni e'zozlash ma'naviy hayotimizning ajralmas qismiga aylangan.

Bugun Farg'ona viloyati bo'ylab o'tkazilgan Xotira va qadrlash bayrami tadbirlarida ana shunday qadriyat va an'analarimiz o'z aksini topdi.

Farg'ona shahridagi "Vatanparvarlar bog'i"da umumxalq bayrami tantanalari doirasida ehtirom tadbiri tashkil etilib, “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambar qo'yib, o'tganlar xotirasiga hurmat bajo keltirildi.

Marosimda viloyat hokimligi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, Sharqiy harbiy okrug qo'mondonligi, sektorlari rahbarlari, viloyat boshqarmalari boshliqlari, jamoatchilik hamda aholi vakillari ishtirok etib, majmua poyiga gulchambar qo'ydilar.

Ushbu tadbir xalqimiz orasidagi o'zaro mehr-oqibat, o'tganlarni xotirlash, tiriklarni qadrlash kabi insoniy tuyg'ular va qadriyatlarning amaldagi ifodasi sifatida yodda qoladigan bo'ldi.
Tadbir yoshlarni ona vatanga muhabbat, ajdodlar xotirasiga hurmat ruhida tarbiyalashda ham beqiyos ahamiyat kasb etdi.

Farg'ona viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech