9 May 2023 yil 280

Xotira va qadrlash kunida bayrami munosabati bilan viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qoʻyish marosimida ishtirok etdi

Xotira – oʻzlikni anglatadi, qadr esa insonni ulugʻlaydi, jamiyatni bezaydi. Xotira va qadrlash kuni bayramining mazmun-mohiyatida ham ana shunday ezgu tamoyillar mujassam.

Kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, mehr-oqibat tuygʻulari xalqimiz qalbi va shuuridan chuqur joy olgan. Ajdodlar xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, bugun safimizda yurgan, elu yurt tinchligi va ravnaqi yoʻlida xizmat qilgan keksalarni e’zozlash ma’naviy hayotimizning ajralmas qismiga aylangan.

Bugun Fargʻona viloyati boʻylab oʻtkazilgan Xotira va qadrlash bayrami tadbirlarida ana shunday qadriyat va an’analarimiz oʻz aksini topdi.

Fargʻona shahridagi "Vatanparvarlar bogʻi"da umumxalq bayrami tantanalari doirasida ehtirom tadbiri tashkil etilib, “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambar qoʻyib, oʻtganlar xotirasiga hurmat bajo keltirildi.

Marosimda viloyat hokimligi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, Sharqiy harbiy okrug qoʻmondonligi, sektorlari rahbarlari, viloyat boshqarmalari boshliqlari, jamoatchilik hamda aholi vakillari ishtirok etib, majmua poyiga gulchambar qoʻydilar.

Ushbu tadbir xalqimiz orasidagi oʻzaro mehr-oqibat, oʻtganlarni xotirlash, tiriklarni qadrlash kabi insoniy tuygʻular va qadriyatlarning amaldagi ifodasi sifatida yodda qoladigan boʻldi.

Tadbir yoshlarni ona vatanga muhabbat, ajdodlar xotirasiga hurmat ruhida tarbiyalashda ham beqiyos ahamiyat kasb etdi.

Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech