9 May 2023 yil 4770

Xotira va qadrlash kuni bayram munosabati bilan viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Muhiddin Joʻrayev xizmat paytida xalok boʻlgan xodimlarning oilasidan xabar oldi

Inson xotirasi muqaddas va barhayotdir. Ayniqsa, Vatan tinchligi, el-yurt osoyishtaligi yoʻlida xizmat qilgan va qahramonlarcha xalok boʻlgan mard oʻgʻlonlarning yodi hech qachon unutilmaydi.

Oʻtganlarni xotirlash, yaxshi amallarini yod etish, tiriklarni qadrlash esa xalqimizga xos ezgu qadriyat sanaladi.

9-may - Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami arafasida bunday xayrli ishlar yanada keng quloch yozmoqda.

Jumladan, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Muhiddin Joʻrayev bayram munosabati bilan xizmat paytida xalok boʻlgan xodimlarning xonadoniga borib, oilasi va farzandlari xolidan xabar oldi.

Marhum katta leytenant Xayrullo Saipov viloyat ichki ishlar boshqarmasida samarali xizmat qilgan. Ammo 2006-yil 3-noyabr kuni bevaqt oʻlim uni oramizdan olib ketdi.

Boshqarma boshligʻi Xayrulloning yaqinlari bilan suhbatlasharkan, uning kasbiga sadoqatli xodim boʻlganini alohida e’tirof etdi. Turmush oʻrtogʻi va farzandiga ezgu niyatlar bildirdi.

Marhum kapitan Shuhrat Mahkamov viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasida boʻlim boshligʻi lavozimida xizmat qilgan. 2018-yilda hayotdan bevaqt koʻz yumgan tergovchining xotirasi hamkasblar qalbida barhayot saqlanadi. Boshqarma boshligʻi uning xonadoniga borib, yaqinlari bilan samimiy suhbatda boʻldi. Ushbu oilaga ham bayram sovgʻalari topshirildi.

Marhum xodimlarning yaqinlari esa koʻrsatilgan ehtirom va gʻamxoʻrlik uchun viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyatiga cheksiz minnatdorchilik bildirdilar.

Joylarda bunday sahovat va ehtirom tadbirlari davom etmoqda.

Text to speech