Viloyat IIB tomonidan qishki ta`til davomida voyaga yetmaganlar va yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar tashkil etilmoqda
Prezidentimizning “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori ijrosini ta’minlash boʻyicha yoshlarni madaniyat, san’at, sport, axborot-texnologiyalari, kitob oʻqishga qiziqishni oshirish, oʻquvchi-qizlarni ijtimoiy faol hayotga jalb etish boʻyicha besh tashabbusni amalga oshirishda IIO tomonidan ham samarali ishlar tashkil etilmoqda.
Jumladan, oʻgʻil-qizlar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikni oldini olishda ularning boʻsh vaqtini sifatli va samarali tashkil etish ham ayni ishlar sirasiga kiradi.
Ayni paytda viloyat boʻyicha 20 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablari mavjud boʻlib, 7 ta yoʻnalish boʻyicha 777 ta toʻgaraklar faoliyat yuritib kelmoqda.
Ushbu toʻgaraklarga jami 23 mingdan ziyod oʻquvchilar qamrab olingan.
Fargʻona shahar “Barkamol avlod” bolalar maktabida hozirgi kunda jami 10 ta toʻgarak 27 ta guruhlarga 250 dan ziyod oʻquvchilar jalb qilingan boʻlib, ular madaniyat va san’at, texnika konstruktorlik va modellashtirish, hunarmandchilik va qoʻl mehnati, turizm va ekologiya kabi oʻnlab yoʻnalishlarda oʻzlarining boʻsh vaqtlarni mazmunli oʻtkazishmoqda. Oʻquvchilar boʻsh vaqtlarida mashgʻulotlariga faol ishtirokini kuzatish maqsadida viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshligʻi jarayonlar bilan yaqindan tanishib, yoshlar bilan muloqotlarda boʻldilar.
Ana shunday tadbirlardan yana biri Margʻilon shahridagi “Barkamol avlod” bolalar maktabida ham boʻlib oʻtdi.
Bu yerda jami 40 ta toʻgarak 136 ta guruhlarga jami 1360 nafar oʻquvchilar ta’lim olishmoqda. Mazkur maskanda yuqoridagi yoʻnalishlar bilan bir qatorda oʻgʻil-qizlarni oliy ta’lim muassasalari va maktabga tayyorlov yoʻnash hamda xorijiy tillarni oʻrganish yoʻnalishlariga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Profilaktik tadbirlar davomida, IIB rahbariyati oʻquvchilar bilan samimiy muloqotlar oʻtkazib ularni turli nooʻrin hatti-harakatlar sodir etmaslikka chaqirdilar. Jumladan har qanday jinoyatga jazo muqarrarligi toʻgʻrisida ogohlantirildi. Bu borada ta’lim muassasalari va ota-onalar mas’uliyatini oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ham bildirildi.
Darhaqiqat yoshlarning qishki ta’til davrida boʻsh vaqtlarning mazmunli va band holda oʻtishi, ularning bilim va koʻnikmalarini charxlanishi bilan birga, turli koʻngilsiz holatlarni oldi olinishiga, oilalar tinchligi va xotirjamligiga hissa boʻlib qoʻshiladi.
Bu kabi tadbirlar joylarda davom etmoqda.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati