14 Aprel 2022 yil 703

Viloyat IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi tomonidan Shoximardonda sayyor xizmat yoʻlga qoʻyildi

Fargʻona viloyati tarkibiga kiruvchi anklav va eksklav Soʻx tumani Shoximardor, Yordon, Choʻngʻara qishloqlari aholisiga sayyor migratsiya xizmatlari koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgach, ushbu hududlarda istiqomat qiluvchi aholining uzogʻi yaqin, mushkullari oson boʻlmoqda.

Jumladan, ikki kun davomida Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshligʻi hamda mas’ul xodimlari maxsus jihozlangan “Gazel” avtomashinasi bilan Shoximardon qishlogʻida aholiga sayyor xizmat koʻrsatdilar.

Sayyor xizmat davomida shoximardonlik fuqarolarga ИД-karta hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportlari oʻz uylarining oldida turib rasmiylashtirib berildi.

Jumladan, 16 yoshga toʻlganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiyalovchi ИД-kartasini olish uchun murojaat qilgan 22 nafar fuqarolarga maxsus planshet qurilmasi yordamida talabnoma shakllantirildi va hujjat shu joyning oʻzi rasmiylashtirilib berildi.

Bundan tashqari, 27 nafar shoximardonliklar ham shu kuni xorijga chiqish biometrik pasportini oʻz uylarining oldida turib, rasmiylashtirish imkoniyatiga ega boʻlishdi.

– Sayyor xizmat tashkilotchilariga aholimiz nomidan minnatdorchilik bildiraman, – deydi fuqaro Abdumutalib Abduxoshimov. –Ilgari bunday yumushlarni bajarish va hujjat olish uchun 80 chaqirim yoʻl bosib tuman yoki viloyat markaziga borardik. Endi esa shundoqqina mahallamizga, uyimizning oliga kelib, xizmat koʻrsatishmoqda. Ayniqsa, yoshi ulugʻ, nuroniy kishilar bu xizmatdan hursand boʻlib, soha xodimlarini duo qilishyapti.

Shu oʻrinda ta’kidlash zarurki, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sohaga oid farmon va qarorlari ijrosini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadida joriy yilning oʻrgan davrida 23 277 nafar fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiyalovchi ID-kartasi, shuningdek, 73334 nafar fuqarolarga xorijga chiqish biometrik pasportlari rasmiylashtirib berildi.

Bu hujjatlarning muayyan qismi aynan sayyor xizmatlar jarayonida rasmiylashtirilayotgani gʻoyat ahamiyatlidir.

Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech