Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i Qo'qon shahrida so'ngi ikki oyda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish bo'yicha amalga oshirilgan ishlarni tahlil qildi
Uchrashuv avvalida boshqarma boshlig'i, polkovnik Muxiddin Jo'raev shaharda 2023 yilning o'tgan ikki oyi yakuni bo'yicha qayd etilgan jinoyatlar salmog'i oshib ketganligi, jinoyatchilikning oldini olish bo'yicha samarali ish tashkil etilmayotganini taʻkidladi.
Еtarli darajada kuch va vositalar mavjudligi, aniq yo'l xaritalari ishlab chiqilganiga qaramay sodir etilayotgan jinoyatlarning fosh etilishi, qidiruvdagi shaxslarning aniqlanishi, giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish borasidagi tadbirlar natijadorlik bermayapti.
Xususan, qasddan badanga og'ir va o'rtacha og'ir shikast etkazish, o'g'irlik, bezorilik jinoyatlari oshib ketgan.
Yig'ilish davomida jinoyatchilik salmog'i oshib ketgan mahalla fuqarolar yig'inlariga xizmat ko'rsatuvchi profilaktika inspektorlari faoliyatiga ham tanqidiy baho berilib, xalq ichiga kirib borish, “xonadonbay”, “fuqarobay” usulda ish tashkil qilish, jinoyat sodir etishga moyil shaxslar bilan manzilli ish olib borish kerakligi tushuntirildi.
O'z faoliyatida sustkashlikka yo'l qo'ygan ayrim o'rta bo'g'in rahbarlariga nisbatan intizomiy taʻsir choralari qo'llaniladigan bo'ldi.
Shuningdek faollik va naʻmuna ko'rsatgan hodimlarni rag'batlantirish bo'yicha tegishli topshiriq berildi.
Boshqarma boshlig'i probasiya yo'nalishida amalga oshirilgan ishlarga ham alohida to'xtaldi.
Qolaversa, shahar hududida umumiy yo'l-transport hodisalari hamda o'lim bilan bog'liq yo'l transport hodisalari ortib ketganligi yuzasidan eʻtiroz bildirib, ushbu yo'nalishda aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish, profilaktik ishlarni jadallashtirish kerakligi tushuntirildi.
Qo'qon shahar IIB rahbariyati va shaxsiy tarkibi yig'ilishda ko'rilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli xulosa chiqarib, tezkor vaziyat barqarorligiga erishish uchun o'zlarining oldiga aniq vazifalarni belgilab oldilar.
Farg'ona viloyati IIB Axborot xizmati