“V” toifadagi haydovchilik guvohnomasini 900 AQSH dollariga olib bermoqchi boʻlgan shaxs ushlandi
Joriy yilning 22-iyul kuni, Bagʻdod tumanida yashovchi, fuqaro Fargʻona viloyati IIB boshligʻi nomiga ariza bilan murojaat qilib, Qoʻqon shahridagi avtomaktablardan birining rahbari “V” toifadagi haydovchilik guvohnomasini oʻqimasdan turib, qisqa muddatda, imtihonlarsiz olib berishini aytib, 900 (toʻqqiz yuz) AQSH dollari miqdorida pul talab qilayotganligini ma’lum qilgan.
Shu kuni Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentning Rishton tumani boʻlimi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazilib, tadbir davomida avtomaktab rahbari Sh.I. arizachidan talab qilingan 900 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda fuqaro Sh.I.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25 orqali 168-moddasi 3-qismi “v” bandi hamda 28 orqali 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati