16 Mart 2020 yil 901

Uchkoʼprik tumanida YPXning maxsus avtomobilga oʼrnatilgan tezlik oʼlchash moslamasiga zarar yetkazishga uringan haydovchi 10 sutka qamoqqa olindi

   Soʼngi vaqtlarda ayrim haydovchi va yoʼlovchilar tomonidan YPX inspektorlarining qonuniy talabiga boʼysunmaslik, ularning xizmat faoliyatiga toʼsqinlik qilish holatlari uchrab turibdi.

   Аna shunday holatlardan yana biri joriy yilning 14 mart kuni Fargʼona viloyati Uchkoʼprik tumanida sodir boʼldi. YPX inspektori tumanning Jaloer qishlogʼi hududida maxsus tezlik oʼlchash moslamalari bilan jihozlangan “Nexia” rusumli mobilkompleks avtomobilida xizmat olib borayotgan vaqtida 27 yoshli haydovchi J.Y., oʼzining  “Cobalt” avtomashinasida  radar qurilmasini qasddan toʼsib, inspektorning xizmat faoliyatiga toʼsqinlik qilgan.

   Bu ham yetmagandek, haydovchi inspektorni noqonuniy xizmat olib borayotganlikda ayblab, maxsus avtomobilga oʼrnatilgan tezlik oʼlchash moslamasiga zarar yetkazishga uringan.

   Haydovchining noqonuniy xatti-harakatlari toʼxtatilib, ushbu holat boʼyicha tergovga qadar tekshiruv olib borildi.

   Holat boʼyicha toʼplangan hujjatlar Uchkoʼprik tuman Maʼmuriy sudi tomonidan qoʼrib chiqilib “Cobalt” haydovchisi J.Yga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi  kodeksning 195-moddasiga asosan 10 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinladi.

   Hurmatli fuqarolar!

   Oʼz huquq va majburiyatlarimizni unutmaylik. Yoʼllarda harakat xavfsizligini taʼminlayotgan YPH inspektorlari aslida yaqinlarimiz salomatligi, oilalarimiz tinchligi uchun oʼz oromlaridan kechib boʼlsada xizmat olib borishmoqda.     

   Biz ularga qarshilik qilishning oʼrniga amaliy harakatlarimiz bilan yordam bersak maqsadga muvofiq boʼladi.

   Ogoh boʼling!

          Fargʼona viloyati IIB Аxborot xizmati

Text to speech