23 Aprel 2022 yil 1305

Uchkoʻprik tumanida xoʻroz urishtirish uchun qimorxona tashkil qilgan shaxs javobgarlikka tortildi

Uchkoʻprik tumani.20-aprel kuni tuman IIB xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, Q.B oʻziga tegishli boʻlgan Ayritom qishlogʻi hududida joylashgan molxonasida qimor va tavakkalchilikka asoslangan xoʻrozlar urishi uchun maxsus joy tashkil etib, ushbu joyda 2 nafar fuqarolarga xoʻroz urishtirish uchun sharoit yaratib berib, ushbu oʻyinga tomosha qilish uchun kelgan shaxslardan 25.000 soʻmdan moddiy manfaatdorlik evaziga pul yigʻib, xoʻroz urishtirgan shaxslardan yutuqni 25 % miqdorini olishga kelishib ushbu joyda xoʻroz urishtirayotganligi aniqlangan va ikki dona xoʻroz, 390.000 soʻm tomoshaga kelgan shaxslardan yigʻib olingan pullar daliliy ashyo tariqasida olingan.

Mazkur holat yuzasidan Uchkoʻprik tumani IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Q.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi (qimorxona tashkil etish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, protsessual tartibda ushlangan.

Eslatib oʻtamiz, Jinoyat kodeksining 278-moddasi (qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni tashkil etish hamda oʻtkazish)da koʻrsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs yetti yilgacha ozodlikdan maxrum qilish bilan jazolanadi.

Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech