21 Dekabr 2021 yil
484
Uchkoʻprik tumanida xonadondan pul oʻgʻirlagan shaxs qoʻlga olindi
23-oktyabr kuni “Qorakoʻl” MFY hududida yashovchi M.Z. ismli ayol IIBga murojaat qilib, unda 17-oktyabr kunidan 18-oktyabr kuniga oʻtar kechasi nomaʼlum shaxs yashash xonadoniga gʻayriqonuniy ravishda kirib, yotoqxonasida boʻlgan 1.100.000 soʻm pullarini yashirin ravishda oʻgʻirlab ketganini maʼlum qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Uchkoʻprik tumani IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “g” bandi (oʻgʻirlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni X.E. ismli ayol sodir etganligi aniqlanib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismida koʻrsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Hurmatli fuqarolar, oʻz mol-mulkingiz, pul mablagʻlaringizni ehtiyot qiling! Bu bilan oʻgʻirlik jinoyatlarining oldini olishga hissa qoʻshgan boʻlasiz.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati