Uch avlod uchrashuvi oʻtkazildi
Fargʻona viloyat IIB Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash boshqarmasi hamda Faxriylar kengashi tomonidan Vatanpavarlik oyligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan joylarda uch avlod uchrashuvlari oʻtkazilmoqda.
1-Mintaqaviy hududga qarashli Fargʻona shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida boʻlib oʻtgan tadbirda viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati, Faxriylar kengashi a’zolari, tajribali va yosh xodimlar, IIV Fargʻona akademik litseyi oʻquvchilari, xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni ta’minlash qoʻshinlariga qarashli harbiy qism xizmatchilari ishtirok etishdi.
Uchrashuvda Fargʻona viloyat IIB Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash boshqarmasi boshligʻi, podpolkovnik Akbar Yusupov ishtirok etib, uzoq yillar ichki ishlar organlarida xizmat qilib, hozirda nafaqaga chiqqan faxriylarning tajribasi, oʻgit va maslahatlari yoshlar uchun ibrat maktabi ekanligini ta’kiladi.
Shuningdek, tadbirda sohaga mehnati singgan faxriylar soʻzga chiqib, oʻz hayotiy tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar. Ona-Vatanga muhabbat, tanlagan kasbiga sadoqat, halollik tushunchalari haqida maslahatlar berishdi. Jumladan, iste’fodagi polkovniklar Ulugʻbek Oxunov, Dadaqoʻzi Roʻziyev, Ibrohim Ismoilov, iste’fodagi podpolkovnik Arabboy Usmonovlar oʻzlari ishlagan davr xotiralari, mashaqqatli xizmat faoliyati, erishgan yutuqlari haqida yoshlarga soʻzlab berdilar.
Shuningdek, yosh xodimlar va harbiy xizmatchilar ham soʻzga chiqishdi. Ular aytilgan oʻgit va maslahatlar uchun ustozlarga samimiy minnatdorchilik bildirib, munosib izdosh boʻlishga va’da berdilar.
Tadbir yakunida faol yoshlar va faxriy ustozlarga viloyat ichki ishlar boshqarmasining esdalik sovgʻalari topshirildi.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati