Toshloq tumani Boyqovul mahallasida yashovchi fuqaroning viloyat IIB ga yoʻllagan murojaati oʻrganib chiqildi
Ma’lum boʻlishicha, joriy yilning 1-avgust kuni fuqaro A.U. 102 raqamiga murojaat qilib, unda bir kun avval yashash xonadonidagi molxonasi yonib ketganligi, mahalla guzaridagi video kuzatuv kamerasiga noma’lum shaxs tasviri tushib qolganligi, mazkur holatni mutasaddi xodimlar kelib tekshirishini soʻragan.
Mazkur murojaat shu kunning oʻzida tuman IIB tomonidan tegishli tartibda roʻyxatga olinib, oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida kuzatuv kamerasi xotirasi koʻzdan kechirilganida, yongʻin boʻlishidan avval bir nafar noma’lum erkak tasviri tushib qolganligi aniqlangan. Lekin tasvir sifati yaxshi boʻlmaganligi sababli uning shaxsini aniqlashni imkoni boʻlmagan.
Tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi xulosasida fuqaro A.U.ning yashash uyidagi yongʻinga elektr toki simining qisqa tutashuvi sabab boʻlganligi koʻrsatilgan.
Shu sababli toʻplangan hujjatlar Toshloq tumani FVBga yuborilgan.
Tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, yuqoridagi holatda jinoyat alomatlari mavjud emasligi sababli Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qoʻzgʻatish rad qilingan.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati