Ta’lim muassasalari va mahallalarda kiberjinoyatlardan ogohlantiruvchi targʻibot tadbirlari oʻtkazildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil fevral oyidagi “Internet tarmogʻida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi tomonidan viloyat IIB va Xalq ta’limi boshqarmasi mas’ul xodimlari bilan hamkorlikda Fargʻona shahrida joylashgan 8, 21 va 41-sonli maktablarning 300 nafardan ortiq yuqori sinf oʻquvchilari, oʻqituvchilari hamda shahar hududidagi mahalla fuqarolar yigʻinlarining 200 nafarga yaqin faollari, yoshlar yetakchilari ishtirokida targʻibot tadbirlari oʻtkazildi.
Xususan, maktab oʻquvchilari uchun “Internet va ijtimoiy tarmoqlardan xavfsiz foydalanish qoidalari” mavzusida, mahalla fuqarolari uchun “Kiberjinoyatlar – bugungi kundagi asosiy tahdidlardan biri” mavzusida ma’ruza qilinib, zarur ma’lumotlar yetkazildi.
Tadbir davomida Ichki ishlar vazirligi mas’ul xodimi S.B.Sadikov tomonidan internetdagi tahdidlarning barvaqt oldini olish boʻyicha targʻibot ishlarining mazmuni va mohiyatini tushuntirib oʻtildi.
Soʻzga chiqqan mas’ul xodimlar tomonidan bugungi kunda dunyo miqyosida tahdid sifatida e’tirof etilayotgan kiberbulling, ya’ni, internetdagi zoʻravonliklar, haqoratlash, tuxmat va boshqa gʻarazli maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan harakatlarning zararli oqibatlari, undan himoyalanish choralari, shaxsiy ma’lumotlarni oshkor qilmaslik masalalari tushuntirib berildi.
“Mahallamda kiberjinoyat boʻlmaydi” shiori ostida olib borilgan targʻibot tadbirlari orqali kiberjinoyatlarning mamlakatimizda kuzatilayotgan turlari: shaxsiy ma’lumotlarni oshkor qilish, kibertovlamachilik, kiberfiribgarlik, axborot tizimlariga buzib kirish, onlayn qimor kabilar toʻgʻrisida ma’lumot berilib, ularga qarshi kurashishda eng samarali boʻlgan profilaktik chora-tadbirlar toʻgʻrisida tegishli tavsiyalar aytib oʻtildi.
Ayniqsa, IIV Kiberxavfsizlik markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Kiber-yordamchi” tizimining taqdimoti oʻquvchi-yoshlarda juda katta qiziqish uygʻotdi.
Ushbu tizim orqali har bir oʻquvchi bilan bevosita muloqot oʻrnatish, sohani takomillashtirishga oid takliflarni yuborish, kibermakonda sodir etilayotgan noqonuniy xatti-harakatlardan xabardor boʻlish imkoniyati mavjudligi qayd etib oʻtildi.