13 Dekabr 2022 yil 412

Savdo doʻkondan 4.800.000 soʻm pullarini oʻgʻirlagan ayol fosh boʻldi

Fargʻona shahar. Fuqaro S.A IIBga murojaat qilib, unda 2022-yil 29-oktabr kunidan 30-oktabr kuniga oʻtar kechasi noma’lum shaxs ish joyi Sayilgoh koʻchasida joylashgan parfyumeriya savdo doʻkoniga kirish eshigi qulfini buzish yoʻli bilan gʻayriqonuniy ravishda kirib, seyfida boʻlgan jami 4.800.000 soʻm pullarini yashirin ravishda oʻgʻirlab, hodisa joyidan yashiringanligini ma’lum qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Fargʻona shahar IIO FMB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “g” bandi (oʻgʻirlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Olib borilgan tezkor-surishtiruv ishlari davomida, ushbu jinoyatni M.Sh ismli ayol sodir etganligi aniqlanib, unga nisbatan sud tomonidan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Hurmatli fuqarolar, oʻz mol-mulkingiz, pul mablagʻlaringizni ehtiyot qiling!

Bu bilan oʻgʻirlik jinoyatlarining oldini olishga hissa qoʻshgan boʻlasiz.

Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech