Rishton tuman ichki ishlar boʻlimida probatsiya guruhi hisobida jazo oʻtab kelayotgan nazoratdagi shaxslar oʻrtasida qayta jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish maqsadida davra suhbati va sayyor sud yigʻilishi oʻtkazildi
Tuman IIB tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda jinoyat ishlari boʻyicha Rishton tuman sudi raisi, tuman prokurori oʻrinbosari, 45 nafar nazoratdagi shaxslar hamda yoshlar ishtirok etdilar.
Sud jarayonida ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarni oʻtash davomida haqiqatdan ham mehnatga halol munosabatda boʻlgan, jazo oʻtash tartib-qoidalariga rioya qilgan, tuzalish yoʻliga oʻtgan, sudlar tomonidan oʻrnatilgan taqiq va cheklovlarga toʻliq amal qilganligi uchun Rishton tumani ichki ishlar boʻlimi boshligʻining taqdimnomasiga asosan turli muddatlarga axloq tuzatish ishlari va ozodlikni cheklash jazolari tayinlangan 14 nafar shaxslar muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilindi.
2 nafar mahkum esa oʻziga tegishli xulosa chiqarmay, jazo oʻtashdan qasdan boʻyin tovlab yurganligi sababli ogʻirroq jazoga, ya’ni, ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi.
Jazodan shartli ravishda ozod etish axloqan tuzalish yoʻliga oʻtgan mahkumlar uchun ishonch bildirilganidir.
Bu esa xalqimizga xos kechirimlilik va bagʻrikenglik kabi azaliy qadriyatlarining amaliy ifodasi sifatida ushbu shaxslarning jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga, oila a’zolari, farzandlari, shuningdek, el-yurt taraqqiyoti uchun munosib hissa qoʻshishlariga yana bir imkon yaratadi.
Ta’kidlash joizki, oʻtkazilgan tadbir davomida jazodan shartli ravishda ozod etilgan shaxslar ishonch va berilgan imkoniyat uchun minnatdorchilik bildirib, kelgusida halol mehnat qilishga, jinoyat koʻchasidan uzoqroq yurishga va’da berdilar.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati