RASMIY MUNOSABAT
Internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan “Fargʻona viloyati Oltiariq tumanidagi dehqon bozorida janjal”, “Jurnalistlarga bosim boʻlmoqda” nomli xabarlar Fargʻona viloyati IIB tomonidan oʻrganib chiqildi.
Ma’lum boʻlishicha, joriy yilning 27-yanvar kuni “DalilUz” elektron axborot saytining Fargʻona viloyati muxbiri D.R tomonidan tuman markazidagi dehqon bozorida jurnalistik surishtiruv olib borish jarayonida, shu yerda savdo bilan shugʻullanuvchi fuqarolar tomonidan muxbirning harakatlaridan norozilik paydo boʻlib, oʻzaro janjal kelib chiqqan.
Mazkur holat tuman IIB tomonidan tegishli tartibda roʻyxatga olinib, tergovga qadar tekshiruv yakuniga koʻra, IIO xodimining qonuniy talablariga boʻysunmasdan, jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimagan “DalilUz” elektron axborot sayti muxbiri D.R., fuqarolar S.X va I.I.larga nisbatan Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183, 194-moddalari tartibida, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obroʻsizlantirilishiga olib keladigan yolgʻon axborotni internet jahon axborot tarmogʻida tarqatgan fuqaro T.Gʻ.ga nisbatan 202 prim 2-moddasi bilan, shuningdek, fuqarolar M.H (videomurojaatdagi ayol) hamda I.Gʻ.larga esa 183, 202 prim 2-moddalari tartibida hujjatlar rasmiylashtirilib, jinoyat ishlari boʻyicha Oltiariq tuman sudiga yuborilgan.
Sud “DalilUz” elektron axborot sayti muxbiri D.R. fuqarolar, S.X., M.H., I.Gʻ va I.I. larga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq, fuqaro T.Gʻ.ga nisbatan BXMning 10 barobari miqdorida jarima jazolarini tayinlagan.
Shu oʻrinda, Fargʻona viloyat IIB jurnalist va blogerlar uchun hamisha holislik va ochiqlikka tayyor ekanligini ma’lum qilib, oʻz faoliyatlarini qonunchilikka rioya qilgan holda olib borishlarini soʻraymiz.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati