Rasmiy munosabat
Internet ijtimoiy tarmoqlarida “Nogironga qoʻl koʻtarilgan” sarlavxali video viloyat IIB tomonidan oʻrganilib chiqildi.
Ushbu videoda, Bagʻdod tumani Doʻstlik MFYda yashovchi 1988-yilda tugʻilgan 2-guruh nogironi boʻlgan, muqaddam Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi bilan sudlangan fuqaro M.O hozirgi kunda Bagʻdod tumanidagi “Soxib trans” MCHJda nazoratchi boʻlib ishlab kelishligi, unga nisbatan “Ravon-Orzu trans” MCHJ rahbari J.I hamda ishchilari J.S, M.A.lar ishlagani qoʻymayotganligi, “2-guruh nogironi” deb masxara qilib kelayotganligi, MCHJ tegishli avtomashina haydovchilaridan pul yigʻayotganligini, shuningdeк, uni qoʻrqitib ishdan boʻshatish niyatida ekanligi toʻgʻrisida videomurojaat qoldirgan.
“Soxib trans” MCHJ rahbari E.X. yuqoridagi holat yuzasidan 06.11.2022-yil kuni Fargʻona viloyati IIBning “102” raqamiga murojaat qilgan.
Fuqaro M.O ham 07.11.2022-yil kuni Fargʻona viloyati IIBning “102” raqamiga murojaat qilib yuqorida koʻrsatilgan vajlarni aytgan.
Mazkur holat yuzasidan Bagʻdod tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati