RASMIY MUNOSABAT
Internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan “Vahshiylarcha kaltaklangan ayol taqdiriga e’tibor qaratishlarini soʻraymiz” sarlavhali videoxabar Fargʻona viloyati IIB tomonidan oʻrganib chiqildi
Ma’lum boʻlishicha, 2023-yil 7-may kuni Qoʻqon shahar Ahillik koʻchasida yashovchi fuqaro M.O turmush oʻrtogʻi G.S. ni boshqa bir erkakdan rashk qilib, u bilan yaqin munosabatda boʻlganligini tan olishini soʻragan. G.S boshqa erkak bilan gaplashmaganligini bildirishiga qaramasdan, M.O uning tanasini turli joylariga urib tan jarohati yetkazgan. Natijada fuqaro G.S shahar tez-tibbiy yordam koʻrsatish markaziga murojaat qilgan.
Mazkur holat Qoʻqon shahar IIB tomonidan tegishli tartibda roʻyxatga olinib, sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Dastlabki ekspertiza ma’lumotnomasida fuqaro G.S.da “oʻng koʻz atrof qovoq, chakka, yanoq, chap koʻz atrof qovoq yanoq, boʻyin oʻng yon yuzasidan oʻng chakka suyak sohalarda, koʻkrak qafasi orqa yuzalarida, oʻng va chap boldirida katta hajmdagi qon talashlari boʻlib, “yengil” tan jarohatlari toifasiga kirishligi” tashhisi qoʻyilgan.
Mazkur holat yuzasidan Qoʻqon shahar IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan fuqaro M.O. ga nisbatan 10.05.2023-yil kuni Jinoyat kodeksining 126 prim 1-moddasi 3-qismi ya’ni, oilaviy zoʻravonlik bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolarimizdan internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalayotgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirilmasdan turib, turli nooʻrin xulosalarga bormasliklarini soʻrab qolamiz.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati