27 Iyul 2023 yil 764

Rasmiy munosabat

Internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan Margʻilon shahar IIB tomonidan shaharda aqlli kameralar oʻrnatish uchun “Open budjet”dan yutib olingan 500 million soʻm qayerdaligi haqidagi xabar Fargʻona viloyati IIB tomonidan oʻrganib chiqildi.

Ma’lum boʻlishicha, Margʻilon shahrida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida “Open budjet”ning 2022-yilgi 2 mavsumida Margʻilon shahridagi barcha koʻchalarga aklli videokuzatuv kameralari oʻrnatish boʻyicha taklif kiritilgan va fuqarolar tomonidan 3 517 ta ovoz toʻplagan holda gʻolib deb topilgan.

Ushbu loyihani amalga oshirish uchun Margʻilon shahar hokimligi buyurtmachi etib belgilanib, hokimlikda hisob raqam ochilib, “Tashabbusli budjet” jamgʻarmasidan 500 mln. soʻm mablagʻ ajratilgan. Elektron portalda gʻolib boʻlgan YATT bilan 2022-yil 17-noyabrda koʻzda tutilgan ishlarni bajarish uchun shartnoma imzolanib, mablagʻ uning hisob raqamiga oʻtkazilgan.

Ushbu mablagʻ hisobidan jami 11 ta aqlli kameralar, 16 km masofa uchun kabel hamda qoʻshimcha jihozlar xarid qilingan. Hozirgi kunga qadar kuzatuv kameralari uchun 7 km masofada tarmoq tortish ishlari amalga oshirilgan va bu jarayon davom etmoqda.

Keltirilgan jihozlar Margʻilon shahar IIBda saqlanmoqda.

Shu oʻrinda fuqarolarimizdan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan yuqoridagi kabi xabarlarga rasmiy munosabat bildirilmasdan turib, nooʻrin xulosaga bormasliklarini, jurnalist va bloggerlardan tarqatilayotgan ma’lumotlarni har tomonlama oʻrganib, xolislikni ta’minlagan holda taqdim qilishlarini soʻrab qolamiz.

Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech