RASMIY MUNOSABAT
Internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan 15-18 yoshdagi qiz va yigitlarning psixotrop moddalar bilan ushlanganligi haqidagi videoxabar Fargʻona viloyati IIB tomonidan oʻrganib chiqildi.
Ma’lum boʻlishicha, 22.04.2023-yil kuni Oltiariq tumani Jarqoʻrgʻon MFYda yashovchi fuqaro M.U “102” raqamiga murojaat qilib, shu mahalladagi oʻziga tegishli boʻlgan bogʻ shiyponiga noma’lum shaxslar janjal qilib, kirib olganligini ma’lum qilgan.
Ushbu xabar tegishli tartibda roʻyxatga olinib, yuqoridagi manzilga profilaktika inspektorlari yetib borishganda u yerda shu tumanda istiqomat qiluvchi F.M., J.O. hamda voyaga yetmaganlar M.R va B.A.lar bor ekanligi aniqlanib, ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 45,183-moddalari bilan hujjatlar rasmiylashtirilgan va jinoyat ishlari boʻyicha Oltiariq tumani sudiga yuborilgan.
Sud tomonidan 04.05.2023-yil kuni ularning 2 nafariga yuqoridagi moddalarga asosan ba’zaviy hisoblash miqdorining 3 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Shuningdek, fuqaro F.M. tuman IIBga murojaat qilib, ushbu videoni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatgan shaxsni aniqlab, qonuniy chora koʻrishni soʻragan.
Videotasvirlarni tarqatgan H.H. aniqlanib, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 46 prim 2-moddasi bilan hujjatlar rasmiylashtirilgan hamda sud tomonidan BXMning 3 barobar miqdorida jarima jazosiga tortilgan.
Yuqoridagi shahslarning yonini koʻzdan kechirish jarayonida psixotrop moddalar yoki sovuq qurollar aniqlanmaganligini ham ma’lum qilamiz.
Fuqarolarimizdan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirilmasdan turib, turli nooʻrin xulosalarga bormasliklarini soʻrab qolamiz.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati