5 Oktyabr 2022 yil 619

RASMIY MUNOSABAT

Internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan Fargʻonada IIB binolarining auksion orqali sotilayotganligi haqidagi xabar Fargʻona viloyati IIB tomonidan oʻrganib chiqildi.

Ushbu habar va unda keltirilgan ma’lumotlarga oydinlik kiritish uchun “Facebook” ijtimoiy tarmogʻiga mazkur xabarni joylashtirgan bloger Elyorbek Tojiboyev bilan telefon orqali bogʻlanganimizda “moliyaning xodimi” qanaqadir hujjatlarni rasmiylashtirib, auksionga qoʻyib, Toshloq tumanidagi IIB binosining ichidagi fuqarolarni qabul qilish xonasi hamda Fargʻona shahar IIO FMB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimiga qarashli kassa binosini ham ana shunday tartibda sotib yuborilganligini bildirdi.
Holat oʻrganilganda Toshloq tuman IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimi ma’muriy binosi ichida (fuqarolarni qabul qilish honasidan tashqari) boʻsh turgan 12 metr kvadrat maydonga ega xona Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari talablaridan kelib chiqib, viloyat IIB Moliya va moddiy texnika ta’minoti boshqarmasining aloqa xati orqali tegishli tashkilotga yuborilib, tadbirkorlarga ijaraga berilishi ma’lum qilingan.
Shundan soʻng “E-auksion” elektron platformasi orqali 2022-yil 29-sentabr kuni oʻtkazilgan elektron-onlayn auksion savdosida gʻolib chiqqan tadbirkorga ushbu xona ijaraga berilgan.
Fargʻona shahar IIO FMB MvaFRBga qarashli kassa binosi ham 2021-yilda yuqoridagi kabi tartibda tadbirkorga ijara aosida topshirilgan.
Eslatib oʻtamiz, Vazirlar Mahkamasi qarorida auksion jarayoniga inson omili aralashmasdan, onlayn shakllanishi belgilab qoʻyilgan.
Elyorbek Tojiboyev bilan suhbat jarayonida u “moliya” deb e’tirof etayotgan shaxs va tashkilot fuqarolik tashkiloti emasligi, viloyat IIB Moliya va moddiy texnika ta’minoti boshqarmasi ekanligi, tushuntirildi.
Shu oʻrinda, ayrim jurnalist va blogerlarimizga eslatib oʻtmoqchimiz. Shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obroʻsizlantirilishiga olib keladigan yolgʻon axborotni ommaviy axborot vositalari, jumladan, internet tarmoqlarida tarqatganlik uchun ma’muriy hamda jinoyat kodekslarida javobgarlik belgilab qoʻyilgan.
Fuqarolarimizdan ijtimoiy tarmoqlarda asoslanmagan ma’lumotlar tarqatilganda, rasmiy munosabat bildirilmasdan turib nooʻrin xulosaga bormasliklarini soʻrab qolamiz.

Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech