Rasmiy munosabat
Internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan bir guruh shaxslarning taksi haydovchilaridan noqonuniy ravishda pul undirayotganligi, yoʻlda yurish uchun haydovchilardan toʻlov talab qilayotganligi va zoʻrovonlik oqibatida pichoqbozlik boʻlganligi haqidagi xabar Fargʻona viloyati IIB tomonidan oʻrganib chiqildi.
Ma’lum boʻlishicha, 26.03.2023-yil kuni “Fargʻona avtotransport plyus” MCHJ ish boshqaruvchisi, R.T markaziy dehqon bozori avtoturargohida “Fargʻona – Quvasoy” yoʻnalishida qatonovchi Sh.Q bilan oʻzaro janjallashib, janjal davomida R.T oshxona pichogʻi bilan Sh.Q.ning oyoq sohasiga (teshib sayoz sanchilgan) tan jarohati yetkazgan.
Mazkur holat boʻyicha shu kunning oʻzida Fargʻona shahar IIO FMB tomonidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, tergov boʻlimi tomonidan R.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi “M” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, "qamoqqa olish" tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Shuningdek, "Quvasoy-Fargʻona" yoʻnalishida kirakashlik bilan shugʻullanuvchi J.M joriy yilning 1-aprel kuni 102 raqamiga ariza bilan murojaat kilib, Muyan MFY hududida "A" laqabli shaxs uning yuz qismiga qoʻli bilan urib, tan jarohati yetkazganligini bildirgan.
Holat yuzasidan Quvasoy shahar IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, sud tibbiy ekspertizasining xulosasi asosida fuqaro “A” ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41, 52-moddasi 2-qismi bilan ma’muriy tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, sud organiga taqdim qilingan.
Murojaat muallifiga mazkur vaziyatda IIO xodimining harakatlaridan norozi boʻlgan taqdirda yuqori turuvchi organlarga murojaat qilishi mumkinligini eslatib oʻtamiz.
Shu oʻrinda fuqarolarimizdan yuqoridagi kabi xabarlarga rasmiy munosabat bildirilmasdan turib, nooʻrin xulosa qilmasliklarini, har qanday qonunbuzilish holatlariga duch kelinganda bu haqda huquq-tartibot organlariga xabar berishlarini soʻrab qolamiz.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati