RASMIY BAYONOT
Internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan “Fargʻona oʻlimga sabab boʻlgan janjal...” sarlavhali videoxabar Fargʻona viloyati IIB tomonidan oʻrganib chiqildi.
Ma’lum boʻlishicha, joriy yiling 13-iyun kuni Buvayda tumani Markaziy shifoxonasidan tuman IIB Navbatchilik qismiga fuqaro U.A ning tan jarohati bilan davolanayotganligi yuzasidan xabar kelib tushgan hamda tegishli tartibda roʻyhatga olingan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomiada fuqaro U.A 12-iyun kuni mast holatda tuman markazidagi “Eshonbobo” jome masjidi yaqinidagi xojatxona hovlisida oʻziga notanish boʻlgan M.A bilan ogʻzaki janjallashib, janjal davomida M.A, U.A.ning boʻyin osti sohasiga mushti bilan bir marotaba urgan. Natijasida U.A muvozanatini yoʻqotib boshi bilan yerga yiqilganligi aniqlangan.
Sud-tibbiy ekspertizasining 17.06.2022-yil kunidagi xulosasida U.A da aniqlangan jarohatlar hayot uchun xavfli boʻlgan ogʻir shikastlar toifasiga kirishligi koʻrsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan 15.06.2022-yil kuni Buvayda tumani IIB huzuridagi tergov boʻlinmasi tomonidan M.A.ga nisbatan jinoyat kodeksining 111-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tilxat ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
27.06.2022-yil kuni shifoxonada davolanayotgan U.A olgan jarohatlari sababli vafot etganligi sababli, qoʻshimcha sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati