RASMIY BAYONOT
Internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan "Fargʻonada telefonni tortib oladigan, zoʻravon xodimlarga kim chora koʻradi???" sarlavhali videoxabar Fargʻona viloyati IIB tomonidan oʻrganib chiqildi.
Ma’lum boʻlishicha, joriy yilning 22-aprel kuni fuqaro A.T Quva tumani markazida oʻzining “Нехиа-3” rusumli avtomashinasini boshqarib borayotib, yoʻl-harakati qoidalarini buzganligi sababli tuman IIB YPX xodimi tomonidan toʻxtatilgan. Haydovchi A.T dan tegishli hujjatlarni taqdim qilmasdan, YPX xodimining qonuniy talabiga boʻysunmay, uyatli soʻzlar bilan soʻkinib, jamoat joyida mayda bezorilik qilgan.
Shuningdek, avtomashinada boʻlgan fuqaro Z.S (videotasvirdagi ayol) ichki ishlar organlari xodimlaridan norozi boʻlib, jamoat joyida baqir-chaqir qilib, fuqarolar tinchligi va osoyishtaligini buzib, profilaktika inspektorining huquqbuzarlikni toʻxtatish haqidagi qonuniy talabiga boʻysunmay, unga faol qarshilik koʻrsatgan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro A.T hamda Z.S larga nisbatan Quva tuman IIB tomonidan ma’muriy tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, jinoyat ishlari boʻyicha Quva tuman sudiga yuborilgan.
Sudning 24.05.2022-yil kungi qarori bilan A.T Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183 hamda 194-moddasi 1-qismida koʻrsatligan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi, Z.S ga nisbatan yuqoridagi moddalar tartibida jarima jazosi tayinlangan.
Fuqarolarimizdan yuqoridagi kabi holatlarga huquqiy munosabat bildirilmasdan turib, nooʻrin xulosaga bormasliklarini soʻrab qolamiz.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati