RASMIY BAYONOT
Internet ijtimoiy tarmoqlari orqali tarqalgan “GAI ni aytishicha bir qizchaga yoʻl bermagani uchun shuncha vahima. Haydovchini aytishicha Nachalnik GAI ni quvib oʻtgani uchun shuncha vahima” sarlavhali videoxabar Fargʻona viloyati IIB tomonidan oʻrganib chiqildi.
Ma’lum boʻlishicha, 2022-yil 15-fevral kuni Quva tumani IIB YHXG katta inspektori X.Sh va YPX katta inspektori M.A lar tumanning Gʻalaba koʻchasida “Neksiya-2” avtomobil haydovchisi yoʻlning qatnov qismini kesib oʻtayotgan piyoda hamda boshqa transport vositalarining harakatiga rahna solgan holatda harakatlanganligini koʻrib, uning ortidan borib toʻxtash ishorasi orqali toʻxtatganlar.
Haydovchi M.T ga sodir etgan qoidabuzarligini tushuntirib, tegishli hujjatlarini taqdim etishini soʻralgan vaqtida, hujjatlarni taqdim etmasdan, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagan. Shundan soʻng M.T ga nisbatan yoʻl harakati qoidalarini buzganligi yuzasidan elektron bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi Quva tumanidagi jarima maydonchasiga olib kirilgan.
Haydovchi M.T jarima maydonchasi oldida ichki ishlar organlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlarini sodir etishda davom etganligi uchun, profilaktika inspektorlari tomonidan Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-194-moddalari tartibida bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Bundan tashqari, M.T (videoxabarda keltirilganidek) goʻyoki, yoʻl harakati qoidasini buzganlik uchun tayinlangan jarima qiymatini toʻlashga imkoniyati boʻlmaganligidan achchiqlanib, oʻz yashash xonadonida ustidan benzin quyib, yoqib yuborib, oʻz joniga suiqasd qilganligi aytilgan. Lekin aloqador xodimlarning xatti-harakatlari yuzasidan oʻtkazilgan xizmat tekshiruvi davomida “Neksiya-2” rusumli avtomobil jarima maydoniga asosli joylashtirilgani, tuzilgan ma’muriy bayonnomalar asosli ekanligi keltirib oʻtilgan.
Oʻtkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasining nusxasi va toʻplangan hujjatlar 10.03.2022-yilda xukukiy baho berish uchun Quva tumani prokuraturasiga yuborilgan.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati