Rasmiy munosabat
Internetdagi Kun.uz nashri orqali tarqatilgan "Restorandagi “maska-shou” Farg‘onaning amaldorlari u yerda nima qilyapti?" sarlavhali xabar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.
Haqiqatdan ham 2023 yilning sentyabr oyida Farg‘ona shahrida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar osoyishtaligini taʼminlash maqsadida viloyatdagi huquq-tartibot organlari rahbarlari boshchiligida o‘tkazilgan tungi reyd tadbirlari doirasida muqaddam bir nechta jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilgan, yoshlar tarbiyasiga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi harakatlar ro‘y berganligi uchun aholining haqli eʼtiroziga sabab bo‘layotgan Sh. Abdug‘aniyevga qarashli "Green club" restoranining tungi paytda belgilangan vaqt orasida ishlashi ko‘zdan kechirilib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Bu masalaning bir tomoni. Biroq fuqarolarning firibgarlik jinoyati qurboni sifatida Sh.Abdug‘aniyev ustidan qilgan murojaatlari yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi o‘rganilganda esa fuqaro B.Sh.ning 23 500 AQSH dollari, B.B.ning 32 000 AQSH dollari, S.B. ning 26 000 AQSH dollar, S.Z. ning 16 500 AQSH dollari kabi jami 11 ta holatda ularning pullarini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib, o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborganligi aniqlangan.
Bundan ko‘rinadiki, fuqaro Sh.Abdug‘aniyev o‘z aybini yashirish, jamoatchilikka jabrdiyda bo‘lib ko‘rinish, chalg‘itish va tergovga taʼsir o‘tkazish maqsadida yuqoridagi nashrga murojaat qilgan.
Haqiqatdan ham Sh.Abdug‘aniyev aybsiz bo‘lsa, nega undan huquq-tartibot organlaridan yashirinib yuribdi. Nega uning ustidan 11 nafar shaxs buzilgan huquqlarini tiklash, qonun ustuvorligini taʼminlanishini istab ariza yozgan. Jamoatchilikni ayni holatlarga ham diqqat qaratishlarini so‘raymiz.
Hozirda fuqaro Sh.Abdug‘aniyevga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan holda qidiruv eʼlon qilingan.
Hurmatli fuqarolar siz ham Abdug‘aniyev Sherzod Adxamjon o‘g‘lidan jabrlangan bo‘lsangiz yaqin oradagi IIO ga yoki 102 raqamiga murojaat qiling.
Farg‘ona viloyati IIB Axborot xizmati