Quvasoy shahrida ayolning plastik kartasidan pul mablagʻlarini oʻgʻirlagan erkak aniqlandi
Quvasoy shahri. 18-iyun kuni tushgan D.N ismli ayol IIBga murojaat qilib, unda 2021-yil 9-iyun kunidan 11-iyun kunigacha boʻlgan vaqt oraligʻida tegishli bank tomonidan berilgan plastik kartasidan 3.000.000 soʻm pullarini yechib olganligini bildirgan.
Tergovga qadar tekshirish davomida noma’lum shaxs D.N ismli ayolga tegishli bank tomonidan berilgan plastik kartasidan kompyuter texnikasidan foydalanib, 3.000.000 soʻm pul mablagʻlarini yashirin ravishda talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Quvasoy shahar IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “b” bandi (oʻgʻirlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni U.R sodir etganligi aniqlanib, protsessual tartibda ushlangan.
Eslatib oʻtamiz, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismida koʻrsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Hurmatli fuqarolar, oʻz mol-mulkingiz, pul mablagʻlaringizni ehtiyot qiling! Bu bilan oʻgʻirlik jinoyatlarining oldini olishga hissa qoʻshgan boʻlasiz.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati