Quva tumanida xaridorning 100 AQSH dollari qalbaki boʻlib chiqdi
Quva tumani. 05-oktabr kuni fuqaro M.M IIBga murojaat qilib, unda 2021-yilning 13-sentabr kuni Tinchlik MFY hududida joylashgan bozorchadagi tez tayyorlanadigan yemaklar doʻkonida savdo qilayotgan vaqtda noma’lum shaxs yonida oʻzbek soʻmida puli qolmaganini aytib, qalbaki usulda tayyorlangan 100 AQSH dollarini berib, oʻzbek soʻmiga 1.060.000 soʻmga baholab, undan 60.000 soʻmga 3 dona lavash mahsulotini sotib olib, qolgan 1.000.000 soʻm farqini naqd pul hisobida olib ketganligini ma’lum qilgan.
Sud kimyoviy ekspertizasining xulosasiga koʻra, 1 dona 100 AQSH dollari kupyuradagi pullar poligrafik usulda nusxa koʻchirib koʻpaytiruvchi rangli printer yordamida tayyorlanganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Quva tumani IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 1-qismi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni S.M sodir etganligi aniqlanib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fargʻona viloyat Ichki ishlar boshqarmasi yuqoridagi koʻrsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkinligi haqida eslatib oʻtadi.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati