Quva tumanida ayolning tilla zanjirini sotib olgan erkak pullarini bermadi
Quva tumani. 09-sentabr kuni Taxtakoʻprik MFY hududida yashovchi A.J IIBga murojaat qilib, unda 2021-yilning 14-avgust kuni noma’lum shaxs Rasta MFY hududida joylashgan tilla-taqinchoqlar bozorida ishonchiga kirib, “Medas” nomli tilla zanjirini 4.400.000 soʻmga sotib olishga kelishib, garovga “Samsung А022” rusumli uyali telefon apparatini berib, bergan va’dasini bajarmasdan aldov yoʻli bilan tilla zanjirini qoʻlga kiritganligini bildirgan.
Mazkur holat yuzasidan Quva tumani IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni K.A sodir etganligi aniqlanib, protsessual tartibda ushlangan.
Firibgarlik qonunga asosan jinoiy javobgarlikka sabab boʻlishini esdan chiqarmang.
Yuqorida koʻrsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati