Qo'qon shahrining “Bo'ston” mahallasida voyaga etmaganlar tomonidan sodir etilgan og'ir turdagi jinoyat viloyat IIB boshlig'i hamda shahar faollari ishtirokida muhokama qilindi
Huquq-tartibot organlari mutasaddi rahbarlari, viloyat xalq taʻlimi boshqarmasi boshlig'i, yoshlar ishlari agentligi masʻullari, Qo'qon shahar hokimi, shahar faollari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etgan mazkur yig'ilishda viloyat IIB boshlig'i, polkovnik Muhiddin Jo'raev so'zga chiqib, voyaga etmaganlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklarning sabablarini chuqur tahlil qilib berdi.
Taʻkidlanganidek, ayrim yoshlar oiladagi tarbiyaning etarli emasligi, atrofdagi eʻtiborsizlik va nazoratsizlik ortidan pichoq va boshqa sovuq qurollar ko'tarib yurishni odat qilishgan.
Bo'ston mahalllasida sodir etilgan tan jarohati etkazish bilan bog'liq jinoyatga ham ana shunday loqaydlik sabab bo'lgani hech kimga sir emas.
Maʻlum bo'lishicha, joriy yilning 28 fevral kuni Bo'ston mahallasi Alisher Navoiy mavzesidagi 27-uy oldida shu shaharda yashovchi 2007 va 2008 yilda tug'ilgan ikki nafar o'spirinlar o'rtasidao'zrao tortishuv va janjal yuz beradi.
Janjal davomida voyaga etmaganlardan biri yonida bo'lgan pichoq bilan ikkinchisiga tan jarohati etkazgan. Natijada tan jarohati olgan yigit shahardagi shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga olib borib, yotqizilgan.
Boshqarma boshlig'i ushbu jinoyatning sodir etilishiga hudud profilaktika inspektori, mahalla fuqarolar yig'ini raisi, xotin qizlar faoli, hokim yordamchisi, yoshlar etakchilari hamda mutasaddi rahbarlarning loqaydligi sabab bo'lganini taʻkidlab, kelgusida bunday salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo'lgan holatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlarni
belgilab berdi.
Xususan, yoshlar o'rtasida nazoratni yanada kuchaytirish, nuroniylar va mutasaddi rahbarlar ishtirokida taʻlim muassasalarida, mahallalarda huquqiy targ'ibot va tarbiyaviy ishlarni olib borish, hududga zamonaviy video kuzatuv moslamalarini o'rnatish lozimligini taʻkidladi.
Shu bilan birga, yig'ilishda Qo'qon shahar hokimi hamda jamoatchilik vakillari ham so'zga chiqib, kun tartibidagi masala yuzasidan o'z fikr-mulohazalarini bayon qildilar.
Yig'ilish yakunida kelgusida og'ir turdagi jinoyatlar sodir etilishiga yo'l qo'ygan, jinoyatlar va huquqbuzarliklarning oldini olmagan mutasaddi rahbarlarga intizomiy choralar ko'rilishi to'g'risida ogohlantirildi.
Ichki ishlar organlari, mahalla faollari hamda taʻlim sohasi vakillari o'rtasida hamkorlikda bajariladigan ishlar kelishib olindi.
Farg'ona viloyati IIB Axborot xizmati