Pul va qimmatbaho taqinchoqlarni oʻgʻirlagan ayol qoʻlga tushdi
Fargʻona tumani. Markaz MFY hududida yashovchi fuqaro B.O IIBga murojaat qilib, unda 2022-yilning 04-aprel kunidan 05-aprel kuniga oʻtar kechasi noma’lum shaxs yashash xonadoniga kirib, yotoqxonadagi javon ichidan 14.680.000 soʻm, 2.650 AQSH dollari hamda 10.000.000 soʻmlik tillo-taqinchoqlarni yashirin ravishda oʻgʻirlab, voqea joyidan yashiringanini ma’lum qilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Fargʻona tuman IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat Kodeksining 169-modda 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Tuman IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni shu mahallada yashovchi S.Sh ismli ayol sodir etganligi aniqlanib, pul hamda tillo-taqinchoqlar daliliy ashyo tariqasida olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismida koʻrsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs 5-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Hurmatli fuqarolar, oʻz mol-mulkingiz, pul mablagʻlaringizni ehtiyot qiling! Bu bilan oʻgʻirlik jinoyatlarining oldini olishga hissa qoʻshgan boʻlasiz.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati.