Shohidamas bargida yurmoqchi boʼlgan “ishbilarmon” ning hiylasi ish bermadi.
Dunyoning ishlari qiziq.Аyrim kimsalar moddiy manfaat ilinjida turli hiylalarni oʼylab topadilar. Vijdon amriga boʼysunmay, yolgʼon gapirishdan, yolgʼon xabar berishdan ham tap tortishmaydi.
Joriy yilning 18 mart kuni Toshkent shahrida yashovchi Sh.N. Bagʼdod tumani IIBga murojaat qilib, 17 mart kuni soat 23:50 larda “Lasetti” rusumli avtomashinada Margʼilon shahridan Toshkent shahriga ketayotgan vaqtida orqasidan kelgan “Neksiya-2” rusumli avtomashina haydovchisi uning yoʼlini toʼsib toʼxtatib, avtomashinadan 2 nafar shaxslar tushib, unga tan jaroxati yetkazib, choʼntagida boʼlgan 4.000 АQSh dollari miqdoridagi pullarini talon-toroj qilishganini bildirgan.
Voqeaning qiziq tarafi shundaki, olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida Sh.N Margʼilon shahrida yashovchi fuqarodan 4.000 АQSh dollari pullarini Toshkent shaxriga yetkazib berish uchun olib, oʼsha pullarni oʼzlashtirish maqsadida tanishi O.B. ga berib yuborib, oʼzining yuziga oʼzi tosh bilan jarohat yetkazib, unga nisbatan nomaʼlum shaxslar tomonidan jinoyatlar tasnifiga koʼra ogʼir turdagi bosqinchilik jinoyatini sodir etganligi haqida yolgʼon xabar berganligi aniqlangan.
Bagʼdod tumani IIB huzuridagi Tergov boʼlinmasi tomonidan Sh.N.ning oʼziga nisbatan Jinoyat kodeksining 237-moddasi 2-qismi «a,b» bandlari (Yolgʼon habar berish) bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, Jinoyat prosetsual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.
Endi Sh.N yolgʼon xabar berganligi uchun qonun oldida javob berishga majbur.
Xalqimizda “qingʼir ishning qiyigʼi qirq yildan soʼng ham chiqadi” degan naql bor. Аyrim fuqarolar yuqoridagi naqlni esdan chiqargan koʼrinadi. Oʼz xatti-harakati bilan Ichki ishlar organlarini chalgʼitib, gʼarazli niyatini amalga oshirmoqchi boʼlganlar adashadi. Oʼz kasbini ustasi boʼlgan xodimlar albatta haqiqatni yuzaga chiqarishadi.
Fargʼona viloyati IIB Аxborot xizmati