16 Noyabr 2022 yil 476

Oʻzbekiston tumanida yoʻl harakati xavfsizligini ta’minlash, ogʻir oqibatli yoʻl-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda

Soʻnggi yillarda bevosita muhtaram Yurtboshimiz tomonidan yoʻl harakati xavfsizligi tizimini tubdan takomillashtirish, sohaga innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish va fuqarolar oʻrtasida haydovchilik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan hayotbaxsh islohotlar amalga oshirilmoqda.

2022-yilning 4-aprel kuni qabul qilingan "Avtomobil yoʻllarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va oʻlim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ-190-sonli Prezident qarori ham bu boradagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtardi.

Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Oʻzbekiston tumanida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, joriy yilning oʻtgan davrida "Qoʻqon-Mingtut-Aeroport” , “Qoʻqon Yaypan-Isfara” , “Yaypan-Oʻqchi-Shoyimbek” yoʻllarining ma’lum kilometrlarida shovqinlantiruvchi chiziqlar chizildi, koʻchma svetoforlar va mayoqlar oʻrnatildi.

Tumandagi 14-, 15-, 37-, 49-umumta’lim maktablari va 7-maktabgacha ta’lim tashkilotining oldiga Turkiya tajribasi asosida asfalt qoplamasi yotqizilib, sun’iy notekislik hosil qilindi.

Shoʻrsuv qishlogʻida 5 ta sun’iy notekislik yaratilib, koʻchma svetofor oʻrnatilgani ham harakat xavfsizligini ishonchli ta’minlash va haydovchilarni hushyorlikka chaqirishda muhim omil boʻlmoqda.

Bu kabi chora-tadbirlar fuqarolarni ogohlikka chaqirish bilan birga, ogʻir oqibatli yoʻl-transport hodisalarining oldini olishga ham xizmat
qiladi.

Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech