Oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha qo'shma qaror qabul qilindi
Oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha davlat siyosatini izchil amalga oshirishda hamkorlikni mustahkamlash, oilalarda ijtimoiy-ma'naviy muhitga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi holatlarning oldini olish borasida yig'ilish o'tkazildi.
Yig'ilishda viloyat hokimining o'rinbosari, viloyati prokurori, ichki ishlar, adliya, bandlik, mahalla va nuroniylarni qo'llab-quvvatlash boshqarmalari, viloyat sudining fuqarolik sudlov xay'ati, Musulmonlar idorasining Farg'ona viloyatidagi vakilligi mutasaddi rahbarlari ishtirok etdilar.
Tadbirda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig'ining o'rinbosari, jamoat xavfsizligi xizmati boshlig'i, podpolkovnik Farruhbek O'sarov so'z olib, oilalarni mustahkamlash va oilaviy ajrimlarni oldini olish, xotin-qizlar muammolarini erta aniqlash va ularni hal etishga ko'maklashish, og'ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan oila va xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko'rsatish, ayollar hamda bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta'minlash, xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish, xotin-qizlarning bandligini ta'minlash, ularni mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan kasb-hunarlarga o'qitish va tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish va shu kabi dolzarb masalalar xususida fikr bildirdi.
Yig'ilish yakunida oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni tizimli tashkil etish bo'yicha mutasaddi boshqarma va idoralarning 2022 yilning iyul-dekabr oylariga mo'ljallangan hamkorlik dasturi ishlab chiqildi va qo'shma qaror qabul qilindi.
Farg'ona viloyati IIB Axborot xizmati