Fargʻona viloyati IIB rahbariyati boshchiligida Bagʻdod tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy shifoxona hududini obodonlashtirish va kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari olib borilmoqda
Shu kunlarda Bagʻdod tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy shifoxona hududini obodonlashtirish va kuz-qish mavsumiga tayyorlash borasida bir qator salmoqli ishlar amalga oshirilyapti.
Fargʻona viloyati IIB boshligʻi, general-mayor Azizbek Ikramov boshchiligida joriy yilning 31-oktabr kunidan boshlab yoʻlga qoʻyilgan ushbu xayrli ishlarda tuman obodonlashtirish korxonasi, avtomobil yoʻllari korxonasi va boshqa hamkor tashkilotlardan texnika vositalari hamda ishchi-xodimlar jalb qilingan.
Xususan, markaziy shifoxonaga qarashli Tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va yurak qon-tomir kasalliklari markazi binosining ichki qismi toʻliq ta’mirdan chiqarildi va boʻlimlarning fasad qismini ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Hududdagi chiqindilarni olib ketish uchun jami 13 ta texnika jalb qilindi.
Markaziy shifoxonaning notekis joylarini tekislash uchun 20 kamaz shagʻal yotqizildi. Hududdagi gulzorlar yangi tuproq bilan toʻldirildi. Shuningdek, yoʻlaklarga asfalt bosildi.
Shifoxona hududiga “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi koʻchat ekish mavsumi doirasida 253 tup gul koʻchatlari, 190 tup archa koʻchatlari oʻtkazildi.
Bu kabi xayrli ishlar hududni yanada obodonlashtirish, aholiga qulaylik yaratish va shu orqali odamlarni bugungi kunidan rozi qilishga xizmat qiladi.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati