Koreya Respublikasi fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash masalasi muhokama qilindi
Joriy yilning 28-aprel kuni Fargʻona viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Koreya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Elchixonasi Konsuli, Politsiya attashesi Kim Mun Chje bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvni Fargʻona viloyati IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari, polkovnik A. Adxamov ochib, bugungi kunda ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlar rivojlanib borayotganligini ta’kidlab, buni birgina Fargʻona viloyati misolida koʻrish mumkinligini aytib oʻtdi. Jumladan, soʻnggi yillarda viloyatda oʻz faoliyatini boshlagan Fargʻona shahridagi Oʻzbekiston – Koreya xalqaro universiteti, “Seul motors” MCHJ kabi qoʻshma korxonalari viloyatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojiga oʻz hissasini qoʻsha boshlaganini ta’kidladi.
Shundan soʻng politsiya attashesi Kim Mun Chje samimiy qabul uchun Fargʻona viloyati IIBga oʻz minnatdorchiligini bildirib, yangi ta’mirdan chiqqan boshqarma binosi unda iliq taassurot qoldirganini ta’kidladi. Shuningdek, u viloyatga mehnat faoliyati yuzasidan kelib, vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan Koreya Respublikasi fuqarolari soni sezilarli darajada oshib, Respublika viloyatlari ichida Fargʻona viloyati Koreya Respublikasi fuqarolari vaqtincha turgan joyi boʻyicha eng koʻp roʻyxatdan oʻtgan hududga aylanganligini aytib oʻtdi.
Uchrashuv soʻnggida Fargʻona viloyati IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari, polkovnik A. Adxamov kelgusida ham Fargʻona viloyatida oʻz faoliyatini olib borayotgan hamda sayohat maqsadida tashrif buyuruvchi Koreya Respublikasi fuqarolarining xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilishini ta’kidlab, tashrif uchun konsulga oʻz minnatdorchiligini bildirdi.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati