13 Fevral 2023 yil 719

Kibermakonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish haftaligi doirasida matbuot anjumani oʻtkazildi

Avval xabar qilganimizdek, Fargʻona viloyati hokimining 2023 yil 8 fevral kunidagi tegishli qarori bilan 13 fevral kunidan 19 fevral kuniga qadar “Kibermakonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish haftaligi oʻtkazilishi belgilangan.

Shu munosabat bilan Fargʻona shahridagi Tadbirkorlar uyi majlislar zalida matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda viloyat hokimligi, Ichki ishlar vazirligi hamda viloyat IIB mutasaddi rahbarlari, respublika hamda mahalliy OAV muxbirlari, axborot xizmatlari xodimlari, bloggerlar, jamoatchilik hamda yoshlar vakillari ishtirok etdi.

Anjumanda viloyat IIB boshligʻi oʻrinbosari, polkovnik Mansur Sattorov soʻzga chiqib, kiberjinoyatlarning oldini olish hamda virtual muhitdagi kibertahdidlardan aholining ogohligini oshirish maqsadida tashkil etilayotgan haftalik doirasida boʻlib oʻtadigan tadbirlar rejasi hamda oʻtkaziladigan tanlovlar haqida soʻz yuritdi.

Rejaga koʻra, haftalik davomida “Kiberxavfsizlik bilimdonlari” intellektual oʻyini oʻtkaziladi. “10 ta eng yaqinim” va “Biz bir oilamiz” xeshtegi ostida ijtimoiy tarmoqlarda chellenjlar uyushtiriladi. Blogerlar oʻrtasida “Eng yaxshi kontent” tanlovini tashkil qilinadi.

Shuningdek, taʼlim muassasalaridagi yoshlar, ijodiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi aholi oʻrtasida kiberjinoyatlarga qarshi kurashishni targʻib qiluvchi “Eng yaxshi monolog”, “Eng yaxshi insho”, “Eng yaxshi sheʼr” tanlovlarini oʻtkazish ham belgilandi.

Bulardan tashqari, “Bank kartasi kodini hech kimga bermayman” shiori ostida katta yoshdagi aholi vakillari, faxriylar ishtirokidagi targʻibot materiallari tanlovi, tibbiyot xodimlari oʻrtasida “Internet tarmogʻidan xavfsiz foydalanaman” shiori ostida videoroliklar tanlovi, mahallalar oʻrtasida kiberjinoyatlarga qarshi kurashishni targʻib qiluvchi “Eng yaxshi mahalla” tanlovini oʻtkazish ham koʻzda tutilgan.

Matbuot anjumani davomida mazkur haftalik ilk marotaba, tajriba tariqasida aynan Fargʻonada oʻtkazilayotgani alohida taʼkidlandi.
Jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga ishchi guruhi aʼzolari tomonidan batafsil javob qaytarildi.

Yoshlar va jamoatchilik vakilarining mavzuga oid takliflari eshitildi.

Haftalik doirasida tadbirlar joylarda davom etmoqda.

Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech