Oʻzini bloger deb tanishtirib, jinoyat ishini ijobiy xal qilib berish evaziga fuqarodan 10 ming AQSH dollari miqdoridagi pullarni pora tariqasida qoʻlga kiritmoqchi boʻlgan shaxslar ushlandi
Joriy yilning 5-oktabr kuni fuqaro Donyorbek Qoʻziboyev (muqaddam sudlangan) hamda Umidjon Joʻrayevlar oldindan til biriktirib, fuqaro D.E.ning tergov organi tomonidan ayblanib, qamoqqa olingan tanishi T.R.ni huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ishlovchi mansabdor shaxslar orqali qamoqdan chiqarib, jinoyat ishini ijobiy xal qilib berishlari evaziga undan 10.000 AQSH dollari talab qilishgan.
Fuqaroning arizasi asosida huquq-tartibot organlari tomonidan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbir davomida yuqoridagi shaxslar Qoʻqon shahar, Turkiston koʻchasida arizachidan 10 ming AQSH dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Donyorbek Qoʻziboyev va Umidjon Joʻrayevlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 3-qismi «a» bandi va 28, 211-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Shuningdek, muqaddam sudlangan fuqaro Donyorbek Qoʻziboyev 3 nafar fuqarolardan jarima maydonidagi avtomashinani chiqarish, haydovchilik guvohnomasi olib berish va boshqa harakatlar uchun ham pul olganligi yuzasidan arizalar kelib tushgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda
Hurmatli fuqarolar, mamlakatimizda soʻz erkiligidan samarali foydalanib, halol va shaffof faoliyat yuritayotgan jurnalist va blogerlarning nomiga dogʻ tushurib, oʻz faoliyatida firibgarlik, pora olish va berish kabi harakatlarni sodir etayotgan blogerlar ham yoʻq emas.
Oʻz harakatlaringizni qonundan chetga chiqmagan holda amalga oshiring. Ogoh boʻling!
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati