Ichki ishlar vazirligi Faxriylar kengashi aʼzosi, isteʼfodagi general-mayor Xabibulla Xojimatov ishtirokida uch avlod uchrashuvi oʻtkazildi
Barchamizga yaxshi maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 20 yanvardagi PQ–10-son qarori mazmun-mohiyatini barcha shaxsiy tarkibga toʻlaqonli yetkazish, shuningdek, xodimlarni chinakam vatanparvarlik hamda burchga sadoqat ruhida tarbiyalashda sohada boy amaliy tajriba toʻplagan faxriy-ustozlarlarning yordami beqiyosdir.
Hayotda koʻp sinovlarni boshdan oʻtkazib, komillik darajasiga yetgan ustozlar har qanday masalada yoshlarga otalarcha oʻgit va maslahatlar berib, ularni toʻgʻri yoʻlga soladilar.
Shularni hisobga olgan holda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Azizbek Ikromov tomonidan tegishli farmoyish qabul qilinib, Kasbiy madaniyat va xizmat intizomi talablarini barcha shaxsiy tarkibga yetkazish boʻyicha respublika targʻibot guruhi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Joriy yilning 20 fevral kunidan boshlab bir oy muddat davomida Vazirlik Faxriylar kengashi aʼzolaridan iborat ushbu targʻibot guruhi hududiy ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi bilan alohida jadval asosida uchrashuvlar oʻtkazishi belgilangan.
Jumladan, Faxriylar kengashi aʼzosi, isteʼfodagi general-mayor Xabibulla Xojimatov ishtirokida Fargʻona viloyatida ham ana shunday uchrashuv hamda muloqotlar oʻtkazilmoqda.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasida tashkil etilgan uch avlod uchrashuvida soʻz olgan targʻibot guruhi aʼzolari hamda faxriylar Davlatimiz rahbariyati tomonidan ichki ishlar organlari xodimlariga qoʻyilayotgan talablar, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 20 yanvardagi 10-sonli qarorining ahamiyati, Kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi mazmun-mohiyatini shaxsiy tarkibga hayotiy misollar yordamida tushuntirib berdilar.
Xodimlarga turli murakkab va nizoli vaziyatlarda Kodeks hamda tegishli qonunchilik talablariga qatʼiy rioya qilish, taʼmagirlik, mansab vakolatini suiisteʼmol qilish kabi salbiy illatlardan yiroq yurish, fuqarolarga har tomonlama namuna boʻlish kerakligi xususida maslahat va tavsiyalar berildi.
Oʻzaro savol-javob hamda samimiy muloqot ruhida kechgan uchrashuv “Ustoz-shogird” anʼanasining amaldagi isboti sifatida soha xodimlarining bilim darajasi va kasbiy mahoratini yuksaltirishga xizmat qildi.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati