24 May 2022 yil 762

Fuqaroligi boʻlmagan shaxslar diqqatiga!

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi PF-61-sonli Farmoniga asosan, endilikda «Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasi uchinchi qismiga muvofiq:
ota-onasidan biri (yolgʻiz otasi yoki onasi) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari deb tan olingan;
chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan;

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlish istagini bildirgan fuqaroligi boʻlmagan shaxs Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olinadi.
Basharti ota-onasi (yolgʻiz ota yoki onasi) bilan birga Oʻzbekiston Respublikasiga kirib kelgan bola doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinmagan boʻlsa, ota yoki onasining doimiy roʻyxatga olingan joyi uning doimiy roʻyxatga olingan joyi hisoblanadi.

Ushbu bandda nazarda tutilgan shaxsga doir Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini tan olish yuzasidan hujjatlarni qabul qilish va materialni koʻrib chiqish uning ota-onasidan birining (yolgʻiz otasi yoki onasi) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olinganligi boʻyicha tegishli xulosalar mavjud boʻlgan taqdirda, mazkur Nizomning 27-bandiga muvofiq amalga oshiriladi.
Quyidagi shaxslarning ham Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini tan olish yuzasidan arizalari «Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasi uchinchi qismiga muvofiq koʻrib chiqilishi mumkin:

a) agar ota-onasidan biri (yolgʻiz ota yoki onasi) 2005-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelib yoki oʻn besh yil davomida doimiy yashab kelayotgan va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan fuqarolikka qabul qilingan boʻlsa;

b) agar ota-onasidan biri 2005-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelib, doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan va vafot etgan boʻlsa.
Bunday shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini tan olish yuzasidan hujjatlarini qabul qilish va materialni koʻrib chiqish mazkur Nizomning 27-bandida koʻrsatilgan tartibda amalga oshiriladi.

Hurmatli viloyatimiz hududida doimiy roʻyxatdan oʻtib yashovchi yuqoridagi talablar ta’siri doirasiga tushuvchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar. Agarda Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olish istagida boʻlsangiz hududiy IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimlariga murojaat etishingizni soʻrab qolamiz.

Fargʻona viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi.

Text to speech