“Fuqarobay” ish uslubi Sunbula mahallasi misolida
2021-yil 12-fevral kuni Davlatimiz rahbari tomonidan oʻtkazilgan Ichki ishlar vazirligi hay’atining kengaytirilgan yigʻilishida IIV Akademiyasiga joylarda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha “fuqarobay” ishlash metodikasini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan edi.
Mazkur vazifa ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 21-iyun kuni IIV Akademiyasi boshligʻining oʻrinbosari rahbarligidagi ishchi guruhi Qoʻqon shahridagi Sunbula mahallasida boʻldi. Mahalladagi kriminogen vaziyat, jinoyatchilikning sabablari va ularga imkon bergan shart-sharoitlar tahlil etilib, fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolar oʻrganildi.
Oʻrganishlar davomida mahallada sodir etilayotgan jinoyatlarning aksariyati hududdagi toʻrtta yirik savdo majmuasiga toʻgʻri kelayotganligi kuzatildi. Shundan kelib chiqib Qoʻqon shahar IIB boshligʻi, mahalla raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda yoshi ulugʻ otaxon va onaxonlar ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi.
Sunbula mahallasi misolida ishlab chiqilgan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha “fuqarobay” ishlash metodikasi”ni joylarda samarali tadbiq etish borasida tegishli vazifalar belgilab olindi.
Hozirda Qoʻqon shahar IIB profilaktika inspektorlari bilan Sunbula mahallasi misolida ishlab chiqilgan “fuqarobay” ishlash uslubi boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari olib borilmoqda.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati