Fargʼona viloyatida shahar va tumanlararo transport qatnovi harakati vaqtincha cheklandi
Аyrim ijtimoiy tarmoqlarda Fargʼona shahriga kirish butunlay toʼxtatilganligi, shaharga avtomashinalar kiritilmayotganligi haqida xabarlar haqiqatga yaqin emas.
Fargʼona viloyat ichki ishlar boshqarmasi Fargʼona shahriga kirish-chiqish butunlay toʼxtatilmaganligini, faqat koronovirus infektsiyasi tarqalishini oldini olish, aholining sanitariya va epidimologik osoyishtaligini taʼminlash maqsadida, Respublikamizda eʼlon qilingan karantin sababli ayrim cheklovlar oʼrnatilganligini maʼlum qiladi.
Hozirgi kunda Fargʼona shahriga kirish yoʼllarida 8 ta vaqtinchalik karantin postlari tashkil etilgan boʼlib, postlarda ichki ishlar, milliy gvardiya, davlat sanitariya nazorati organlari xodimlari xizmat olib bormoqda. Shahar hududiga kirishga cheklov oʼrnatilgan.
Oʼrnatilgan cheklov yuk tashuvlari bilan shugʼullanayotgan avtotransport vositalari va ularning haydovchilariga, xizmat faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organlari va muassasalari hamda jamoat tashkiloti xodimlariga nisbatan tadbiq etilmaydi.
Fargʼona viloyat hududidan oʼtgan А-373 halqaro avtomobil yoʼlida yuk avtomashinalari hamda tranzit halqaro transport vositalari xarakatlanishi uchun cheklov oʼrnatilmagan.
Shu bilan birga shahar hududida joylashgan bozorlar, oziq-ovqat savdo doʼkonlari, super marketlar, dorixonalar oʼz faoliyatini davom ettirmoqda.
Respublikamizda eʼlon qilingan karantin sharoitida restoran, kafe, oshxona, choyxona singari umumiy ovqatlanish shahobchalari faoliyati toʼxtatilmagan boʼlib, faqatgina ayrim cheklovlar oʼrnatilgan, yaʼni ular oʼz faoliyatlarini yetkazib berish xizmati orqali davom ettirib kelmoqda.
Viloyatimiz aholisidan oʼrnatilgan vaqtinchalik cheklov choralarini toʼgʼri baholagan holda, unga soʼzsiz amal qilishlarini, karantin qoidalariga rioya qilgan holda, uyda qolishlarini, oʼta zarur hollardagina (dorixona, oziq-ovqat doʼkonlari) chiqishgan vaqtda shaxsiy himoya vositalarida boʼlishlarini soʼrab qolamiz.
Fargʼona viloyati IIB Аxborot xizmati