Fargʻona viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasida 2021-yil yakunlari sarhisob qilindi
Fargʻona viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan yigʻilishda viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Muhitdin Joʻrayev, shahar-tumanlar ichki ishlar organlari tergovchi va surishtiruvchilari ishtirok etishdi.
Yigʻilishda oʻtgan 2021-yil hamda joriy yilning 2 oyi davomida tergov yoʻnalarishida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi. Kun tartibidagi masalalar muhokomasidan soʻng 2022-yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi. Joylardagi rahbar va masul xodimlarga tegishli topshiriqlar berildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, eng asosiy maqsad fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, huquq va erkinliklariga putur yetkazmagan holda tergov amaliyotini olib borish, sodir etilgan jinoyatlarni har tomonlama sinchkovlik bilan oʻrganib, qaror qabul qilish, bir soʻz bilan aytganda, jinoyat haqiqati va adolatini qaror toptirishda har bir xodim oʻzining boy bilimi va tajribasiga tayanib shaffoflikni ta’minlashi lozim boʻladi.
Shuningdek, tadbir davomida sohada na’munali xizmat qilayotgan tergovchi va surishtiruvchilarning ota-onalariga Ichki ishlar vaziri oʻrinbosarining tashakkurnomalari , 8-mart — Xalqaro xotin- qizlar kuni bayrami munosabati bilan bir guruh ayollarga boshqarma rahbariyatining qimmatbaho bayram sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir yakunida xodimlar oʻz oldilariga qoʻyilgan vazifalarni sharaf bilan uddalashga va’da berdilar.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati