Fargʻona viloyati ichki ishlar boshqarmasida navbatdagi ma’naviyat va ma’rifat darsi boʻlib oʻtdi
Bu galgi ma’naviyat va ma’rifat darsi ham soha xodimlarining siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirishga, kasbiy mahoratlarini yuksaltirishga xizmat qildi. Fargʻona davlat universiteti oʻqituvchisi Oybek Erkaboyevning 8-mart–Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan “Ayol – hayot charogʻboni” mavzusida ma’ruzasida jamiyatimizda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ularga hurmat va ehtirom koʻrsatishning ahamiyati haqida soʻz yuritildi.
Viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi boʻlim mudiri Orifjon Mahmudovning “Sogʻlom turmush tarzi qoidalari” mavzusidagi ma’ruzada esa inson salomatligini asrashda jismoniy faollik va sogʻlom turmush tarzining ahamiyati haqida ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvar kunidagi PQ-10-sonli Qarori mazmun-mohiyatini, unda belgilab berilgan ustuvor jihatlar haqida ham tushunchalar berildi.
"Bir chimdim" ma’naviyat videoroligi soha xodimlarini oʻylashga, mushohada yuritishga chaqirdi.
Tadbir yakunida bir guruh xodimlarga navbatdagi maxsus unvonlar tantanali ravishda topshirildi. Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari tomonidan taqdirlangan hamda sport musobaqasida gʻolib boʻlgan xodimlar ham munosib ragʻbatlantirildi.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati